Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Gruziyaning Guriya viloyatidagi Gomismta tog‘ kurorti yaqinida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. 12 avgust kuni kechqurun mikroavtobus jar yo‘lidan chiqib ketib, tubsizlikka quladi. Natijada 4 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi.

Mikroavtobusda 19 nafar Belarus fuqarosi bo‘lgan. Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi transport vositasini xavfsiz boshqarishni ta’minlamagan, natijada avtomobil yo‘ldan chiqib ketgan. Haydovchi, Gruziya fuqarosi, halok bo‘lmagan va jiddiy jarohat olmagan.

Jarohatlanganlardan 4 nafari Ozurgeti va Choxatauri shifoxonalariga, yana 11 nafari Batumi Respublika shifoxonasiga yetkazilgan. Ikki kishi reanimatsiyaga yotqizilgan, ammo shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning hayotiga xavf yo‘q.

Hodisa yuzasidan Gruziya huquq-tartibot organlari jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Aybdor 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Mikroavtobus haydovchisi qo‘lga olingan.

Belarus elchixonasi jabrlanganlarga konsullik yordami ko‘rsatmoqda, Belarus konsuli voqea joyiga borgan. Avvalroq Sirdaryo viloyatida yuk mashinasi va Chevrolet Captiva ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 3 kishi halok bo‘lgan edi.

Source: podrobno.uz