Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi boshlanishi uchun Rossiyaning roziligi zarur bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomoni loyihani amalga oshirishda Rossiya pozitsiyasini inobatga olish kerakligini bildirgan.

Japarov ta’kidlashicha, mazkur temiryo‘l qurilishi zarurati Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri muhokama qilinib kelinmoqda, biroq o‘nlab yillar davomida loyihani amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan. 2020-yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng u Xitoyning o‘sha paytdagi elchisi Du Devenni qabuliga chaqirib, loyihani amalda boshlashni taklif qilgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy elchisi unga Qirg‘iziston loyihani mustaqil hal qila olmasligini aytgan: “Agar Rossiya qarshi bo‘lsa yoki rozilik bermasa, biz bu yo‘l qurilishini boshlay olmaymiz”. Xitoy tomoni bu pozitsiyani Qirg‘izistonning Yevroosiyo makonida joylashgani va KXSHT a’zosi ekani bilan izohlagan.

Shundan so‘ng Japarov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ishchi uchrashuv tashkil etib, taxminan 35-40 daqiqa davomida aynan temiryo‘l loyihasini muhokama qilgan. “Yakunda uni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldim. Bular buyuk davlatlar, ular bir-birlarining pozitsiyalarini hisobga olmasdan iloji yo‘q”, degan u.

Japarov Qirg‘iziston “transport uchun boshi berk ko‘chada yashayotganini” ta’kidlab, bu yo‘l ochilsa, mamlakat “erkinroq nafas ola boshlashini” aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yakunda Rossiya tomonining roziligi olingach, loyiha bo‘yicha muzokaralarga qaytilgan.

Prezident temiryo‘lni “Buyuk ipak yo‘li”ning yangilangan ko‘rinishi deb atab, uning ahamiyati uch davlat o‘rtasidagi transport aloqasidan ancha kengroq ekanini bildirgan. “Bu yo‘l, birinchi navbatda, Xitoyga, O‘zbekistonga, Yevropa yoki AQShga kerak emas. U Qirg‘izistonga kerak”, degan u.

Japarovning fikricha, temiryo‘l yaqin yillar ichida mamlakat iqtisodiyotini sezilarli darajada o‘zgartirishga qodir. U tabiiy boyliklar tugaganidan so‘ng mazkur magistral Qirg‘iziston uchun yangi yirik daromad manbaiga aylanishini, faqat tranzit hisobiga budjetga kamida 400-500 million dollar sof foyda tushishi mumkinligini aytgan.

Prezident bo‘lajak magistralni Qumtor oltin koniga qiyoslab, uni “yangi Qumtorlar”dan biri deb atagan. Shuningdek, u temiryo‘l tarmog‘ining rivojlanishi mamlakat ichidagi tashuvlar narxini arzonlashtirishini kutmoqda.

Japarov Qirg‘izistonning temiryo‘l infratuzilmasida orqada qolganini tan olib, 1990-yillardan buyon O‘zbekistonda qariyb 1200 km temiryo‘l qurilganini, Qirg‘iziston tarmog‘i esa qisqarganini misol qilib keltirgan. Hozirgi kunda mamlakatda qariyb 65 km yangi liniya qurilgan.

Hukumat xalqaro temiryo‘l ishga tushiriladigan vaqtga qadar ichki liniyani Makmalgacha yetkazishni, keyinchalik uni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishiga ulashni maqsad qilgan. Investitsiyalar mavjud bo‘lganda, buni taxminan 2031-2032-yillarga borib amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyiha qiymati dastlab 4,7 milliard dollarga baholangan. Xitoy tomonidan qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga 2,3 milliard dollar kredit ajratiladi, qolgan mablag‘ ustav kapitaliga kiritiladi. Ulushlar: Xitoy 51%, Qirg‘iziston va O‘zbekiston har biri 24,5 foiz.

Source: www.gazeta.uz