Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tarmoqlarda Turkiyaning Aydin viloyatida 30 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bank kartalari orqali amalga oshirilgan shubhali pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq holatda qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Mamlakatning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, holat doirasida 10 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh konsulxona matbuot xizmati ma’lum qildi.

Konsulxona bayonotida aytilishicha, hozirgi vaqtda ularning ayrimlari sud qaroriga asosan jazoni ijro etish muassasasida, ayrimlari deportatsiya markazida saqlanmoqda. Yana bir qismi esa mamlakat hududidan chiqmaslik sharti bilan ozod etilib, ularga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, fuqarolarga nisbatan ko‘rilayotgan huquqiy choralar ularning bu holatga aloqadorlik darajasi, bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar miqdori hamda tergov davomida aniqlanayotgan boshqa holatlardan kelib chiqib belgilanmoqda.

Bosh konsulxona fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish doirasida zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qildi.

Shu munosabat bilan Bosh konsulxona fuqarolarni shaxsiy bank kartalari, hisob raqamlari va mobil bank xizmatlarini begona shaxslarga bermaslikka, boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni qabul qilmaslik va o‘tkazmaslikka chaqirmoqda.

Bank kartasi yoki hisob raqamini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish, shuningdek, kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni o‘tkazishda vositachilik qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan barcha fuqarolarni mamlakat qonunlariga qat’iy rioya qilishga va shubhali moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etmaslikka da’vat etdi.

Source: www.gazeta.uz