18-avgust kuni Olmaota shahrining Bostandiq tuman sudi Orda.kz nashrining sobiq bosh muharriri Gulnar Bajkenovaga nisbatan hukm chiqardi. U noqonuniy tadbirkorlik, yolg'on axborot tarqatish va ishonib topshirilgan mulkni rastrata qilishda aybdor deb topildi.
Sud tergovi davomida aniqlanishicha, Bajkenova 2024-yil noyabridan 2025-yil dekabrigacha “O” MCHJ rahbari sifatida o'z xizmat mavqeidan foydalanib, kompaniya hisobraqamlaridan 88 million 144 ming 127 tenge (taxminan 191 ming dollar) o'ziga qarashli yakka tartibdagi tadbirkorning hisobiga o'tkazgan. Bu mablag'lar soxta reklama, professional va ilmiy xizmatlar ko'rsatish haqi sifatida rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, u o'g'lining xususiy xalqaro maktabdagi ta'lim xarajatlarini ham shu hisobdan to'lagan. Bajkenova yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tmagan holda, Olmaota shahrida kvartiralarni sotib olish va qayta sotish orqali 121,2 million tenge daromad olgan, bu daromaddan soliq to'lanmagan.
Prokuror Kuanish Kanapyanov sudda ayblovlar majmui bo'yicha 8 yil ozodlikdan mahrum qilishni, jazoni o'tashni ikki yilga kechiktirishni va 5 yil muddatga jurnalistika hamda rahbarlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqidan mahrum qilishni so'ragandi.
Sudya Yelena Kvan Bajkenovani aybdor deb topib, unga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi, biroq jazoni o'tashni ikki yilga kechiktirdi. Jazo o'rtacha xavfsizlik muassasasida o'taladi. Shuningdek, u 5 yil muddatga jurnalistika va ommaviy faoliyat bilan shug'ullanish huquqidan mahrum etildi.
Jazoni o'tash muddati 2026-yil 1-fevraldan boshlab hisoblanadi. Mahkuma ayblovlarning hech birini tan olmadi. Agar Bajkenova farzandni tarbiyalashdan bo'yin tovlasa yoki jamoat tartibini buzsa, ikki marta ogohlantirilganidan so'ng jazoni o'tashni kechiktirish bekor qilinib, to'g'ridan-to'g'ri koloniyaga yuborilishi mumkin.
Unga 10 sutka ichida probatsiya xizmatiga borib, hisobga turish topshirildi. Qozog'iston Jinoyat kodeksining 73-1-moddasiga ko'ra, agar mahkum bir yil davomida intizomiy jazoga tortilmasa, ozodlikdan mahrum qilishning o'talmagan muddati sud tomonidan bir oyga shartli ravishda qisqartirilishi lozim.
Hukm o'qilishidan oldin Bajkenova suddan joriy yilda yangi Konstitutsiya qabul qilinishi munosabati bilan e'lon qilingan amnistiyani qo'llashni so'ragandi. Biroq sudya uning jinoiy moddasi amnistiyaga tushmasligini aytib, iltimosni rad etdi.
Orda.kz nashri sobiq bosh muharriri ishi bo'yicha sud jarayoni 2-iyulda boshlangan. U 2025-yil 1-dekabrdan buyon uy qamog'ida saqlanayotgandi. 2024 va 2025-yillarda Gulnara Bajkenova Forbes Women Kazakhstan nashrining eng nufuzli ayollar reytinglariga kiritilib, 14- va 11-o'rinlarni egallagandi.
Source: www.gazeta.uz