Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatning 2030-yilgacha bo‘lgan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritdi. Yangilangan hujjatdan sobiq prezident Nursultan Nazarbayev bilan bog‘liq qaydlar butunlay chiqarib tashlandi. Bu haqda inbusiness.kz nashri PRG.Zanger’ga tayanib xabar bermoqda.
Avvalgi tahrirda tashqi siyosat tamoyillari qatorida “Birinchi prezident — Elboshi N.A. Nazarbayevning tashqi siyosiy yo‘lining davomiyligi” mustahkamlab qo‘yilgandi. Endilikda ushbu jumla “mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida tashqi siyosiy kursning davomiyligi” degan tahrirga almashtirildi. Bu o‘zgarish Qozog‘iston tashqi siyosatida Nazarbayev merosidan bosqichma-bosqich voz kechishni anglatadi.
Shuningdek, hujjatdan Nazarbayevga tashqi siyosatning eng muhim masalalari bo‘yicha xalqqa, davlat organlari va mansabdor shaxslarga tashabbuslar bilan murojaat qilish imkonini beruvchi umrbod huquq ham olib tashlandi. Ilgari bu huquq uning “tarixiy missiyasi” hamda “Birinchi prezident — Elboshi to‘g‘risida”gi qonun bilan bog‘langandi. Endilikda bu imtiyozlar bekor qilingan.
Bundan tashqari, yangilangan konsepsiyada “fuqaro” atamasi “Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi”ga almashtirildi, “Mustaqillik” va “Suverenitet” so‘zlari esa endi katta harf bilan yoziladi. Hujjatda parlament nomi qurultoyga o‘zgartirildi. Bu davlat tuzilishining yangi tizimiga mos keladi, unga ko‘ra, avvalgi ikki palatali parlament o‘rniga mamlakatda endi bir palatali parlament faoliyat yuritadi.
1-iyuldan Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya kuchga kirdi. Unga kiritilgan tuzatishlar mart oyidagi referendumda ma’qullangandi — ularni 87,15 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda ishtirok 73,12 foizni tashkil etgan. Asosiy o‘zgarishlardan biri ikki palatali parlamentdan bir palatali — qurultoyga o‘tish bo‘ldi. Uning tarkibiga 145 nafar deputat kiradi va ular partiyalar ro‘yxati bo‘yicha saylanadi. Parlament saylovlari 2026-yilning avgustiga rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatda davlat maslahatchisi lavozimi o‘rniga vitse-prezident lavozimi qaytarilgan.
Nursultan Nazarbayev respublikaning birinchi prezidenti sanaladi, u mamlakatni 1991−2019-yillar oralig‘ida boshqargan. 2022-yil yanvar oyida mamlakatda yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlari hukumatning iste’fosiga va Nazarbayevning siyosatdan ketishiga olib kelgan. Nazarbayev Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan ketgan va hukmron “Amanat” partiyasiga (2006-yildan 2022-yilgacha “Nur Otan” — “Nurli vatan” deb nomlangan) rahbarlik qilishni to‘xtatgan. Ko‘p o‘tmay, uning yaqin atrofidagi shaxslar hibsga olina boshlagan, Nazarbayev oilasining a’zolari davlat lavozimlarini tark etgan.
2023-yil fevral oyida Toqayev “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi prezidenti — Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Ushbu qonun Nazarbayevni millat yetakchisi (elboshi) deb e’lon qilgan hamda unga umrbod imtiyozlar va kafolatlarni ta’minlagandi, endilikda u bulardan mahrum etilgan. Nazarbayev elboshi maqomini 2010-yilda olgandi. Qonunga ko‘ra, hokimiyat ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini u bilan kelishishga majbur edi.
Source: www.gazeta.uz