Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘istonning Shimoliy Orol dengizi so‘nggi o‘n oy ichida sezilarli darajada to‘ldi. Mamlakat Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon dengizga taxminan 1,2 milliard kub metr suv yo‘naltirilgan.

Bu esa umumiy suv hajmini 23,4 milliard kub metrga yetkazdi. Hozirgi vaqtda sug‘orish mavsumi qizg‘in pallada, shu bois Sirdaryo o‘zani orqali kelayotgan suv oqimi sekundiga 14 kub metrni tashkil qilmoqda. Biroq vazirlik mutasaddilari mavsum oxiriga borib bu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich 100–150 kub metrga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Suvni ushlab qolish va mahalliy ekotizimni tiklash maqsadida Ostona Sirdaryo havzasida suv resurslarini hisobga olish tizimini avtomatlashtirish va asosiy gidrouzellarni rekonstruksiya qilish ishlarini faol olib bormoqda. Bu chora-tadbirlar dengizning qurib qolishining oldini olish va uning atrof-muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Shimoliy Orolni saqlab qolishda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik muhim omil bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston va Qozog‘iston umumiy daryolarni birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev Shimoliy Orolni tiklash borasidagi sa’y-harakatlarning ijobiy natijalarini alohida ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasini (XOQJ) mintaqaviy integratsiyaning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish niyatida. Kelgusi yilda mamlakat ushbu tashkilotga raislik qiladi va uning faoliyatini rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan hamohanglashtirish hamda dasturlar samaradorligini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Source: podrobno.uz