Rossiyaning Mordoviya respublikasi va Samara viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayollarning voyaga yetmagan farzandlari O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Konsullik-huquqiy tadbirlar davomida diplomatlar bolalarning fuqaroligini, ularning O‘zbekistondagi qarindoshlarini hamda repatriatsiya uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni o‘rganib chiqdi. Rossiyaning vakolatli idoralari bilan hamkorlikda barcha huquqiy tartib-taomillar amalga oshirildi.
Mordoviyadagi koloniya hududida joylashgan bolalar uyidan voyaga yetmagan bolalar Qozon shahridagi bosh konsulxona diplomatlari va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida qabul qilinib, xavfsiz tarzda Vatanga olib kelindi.
Gazeta.uz ga TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning ma’lum qilishicha, jami uch nafar bola qaytarilgan: ikki qiz — ulardan biri 4 yoshda, ikkinchisi 2,5 yoshda va bir yoshli o‘g‘il bola.
“Rossiyaning jazoni ijro etish muassasalaridagi bolalar uylarida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlarini repatriatsiya qilish bo‘yicha tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida yosh fuqarolarimiz bosqichma-bosqich Vatanga qaytarilmoqda”, — deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Source: www.gazeta.uz