O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7−9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan qo‘shni mamlakatda bo‘lishi ma'lum qilindi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu safar doirasida qator muhim xalqaro tadbirlar rejalashtirilgan.
Xususan, tashrif davomida “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining 8-maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammiti bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirlarda mintaqaviy integratsiya va ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama markazida bo‘lishi kutilmoqda.
Maslahat uchrashuvi kun tartibidan siyosiy-diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar va yoshlar siyosati bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qiladilar.
Xabarlarga ko‘ra, MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, tuzilmaning kelgusidagi vazifalari belgilab olinadi. Tadbirlar yakunida bir qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz