Xabar qilinishicha, 11-oktabrga oʻtar kechasi Vladimir shahridagi «Yandeks» data-markaziga dronlar orqali zarba berilgan. Kompaniyaning rasmiy maʼlumotlariga koʻra, infratuzilma jiddiy shikastlangan va obyektning faoliyati butkul toʻxtatilgan. Hozircha qurbonlar yoʻqligi aytilmoqda, biroq yuzaga kelgan favqulodda holat platformaning butun tizimiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan.
Yandex Cloud Alerts kanali tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, qolgan resurslar konfiguratsiyasi ham beqaror deb baholanmoqda. Mutaxassislar barcha muqobil favqulodda tiklash rejalarini zudlik bilan ishga tushirishni tavsiya qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videolarda hujumdan soʻng voqea joyida kuchli yongʻin chiqqanini va infratuzilma vayron boʻlganini koʻrish mumkin. Bu voqea Ukraina tomonidan «Yandeks» obʼyektlariga qaratilgan soʻnggi bir hafta ichidagi uchinchi hujum ekani taʼkidlanmoqda.
Bungacha Ryazan va Kaluga oblastlaridagi maʼlumotlar markazlari ham shunday hujumlarga uchragan edi. Jumladan, Ryazandagi hujum oqibatida kompaniyaning eng yirik superkompyuterlaridan ikkitasi ishdan chiqqan boʻlsa, soʻnggi zarba natijasida uchinchi oxirgi superkompyuter – «Galushkin» joylashgan Vladimir markazi ham toʻxtatildi. Bu esa butun ekotizimning ishlashiga putur yetkazdi.
Ushbu kiber va jismoniy infratuzilmadagi nosozliklar tufayli Rossiya hududida «Yandeks Go», «Yandeks Pey», «Yandeks Yeda» va «Kinopoisk» kabi mashhur xizmatlar faoliyatida ulkan uzilishlar yuzaga keldi. Koʻplab shaharlarda fuqarolar taksi chaqira olmay qolgani, yetkazib berish xizmatlari toʻxtab qolgani haqida shikoyat qilishgan.
Mazkur muammolar nafaqat Rossiya, balki MDH mamlakatlariga, jumladan, Oʻzbekistonga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Xususan, 11-oktabr tongida «Yandeks Go» xizmatidan foydalanishda bir necha soatlik uzilishlar kuzatilib, foydalanuvchilar taksi buyurtma qilishda qiynalishdi. Avvalroq Ryazandagi markazga qilingan hujum fonida Oʻzbekistondagi yirik marketpleyslar faoliyatida ham qisqa muddatli muammolar paydo boʻlgani xabar qilingan edi. Hozirda kompaniya qolgan Moskvadagi markazlar orqali barqarorlikni tiklashga urinmoqda.
Source: kun.uz