Rossiyaning Saxalin viloyatida Yaponiyaning nufuzli «Hokkaido Shimbun» gazetasi muxbiri Imai Yuki josuslikda gumonlanib qoʻlga olindi. Rossiya ommaviy axborot vositalarining tarqatgan maʼlumotlariga koʻra, xorijiy jurnalist mamlakatdan chiqib ketishga hozirlik koʻrayotgan vaqtida ushlanib, zudlik bilan Moskvaga olib kelingan va sud qarori bilan kamida ikki oyga qamoqqa tashlangan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga koʻra, mazkur hibsga olish amaliyoti 13-oktabr kuni Federal xavfsizlik xizmati (FXX) tomonidan amalga oshirilgan. Taʼkidlanishicha, ushlangan Imai Yuki Rossiya TIV tomonidan rasmiy akkreditatsiyadan oʻtgan boʻlgan, biroq bu holat uning huquq-tartibot idoralari eʼtiboridan chetda qolishiga sabab boʻlmagan. «Interfaks» agentligining huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Moskvaning Lefortovo sudi muxbirga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasini tanlagan va u hozirda «Lefortovo» tergov hibqxonasida saqlanmoqda.
Rossiya maxsus xizmatining iddaolariga koʻra, yaponiyalik jurnalist goʻyo Yaponiya razvedkasi topshirigʻi asosida mamlakat mudofaa qobiliyatiga daxldor maʼlumotlarni toʻplagan va saqlagan. FXXning taʼkidlashicha, mazkur maʼlumotlar Rossiya xavfsizligiga qarshi qaratilgan maqsadlarda ishlatilishi rejalashtirilgan boʻlishi mumkin. Xususan, tergov organlari Imai Yukini Kuril orollarida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarga safarbar etilganlar hamda koʻngillilar soni yuzasidan maxfiy tusdagi maʼlumotlarni yigʻishda ayblamoqda.
Oʻz navbatida, Rossiya TIV Tokio rasmiylarini xorijiy jurnalist maqomidan foydalangan holda mamlakat xavfsizligiga oid maʼlumotlarni qoʻlga kiritishga urinishda ayblamoqda. Biroq, tarqatilgan rasmiy xabarlarda Yaponiya tomonining yoki jurnalist faoliyat yuritgan tahririyatning bu kabi ogʻir ayblovlarga nisbatan munosabati keltirilmagan. Huquqiy manbalarga koʻra, Rossiya Jinoyat kodeksining josuslik moddasi boʻyicha ayblovlar oʻz tasdiqini topsa, muxbirni 10 yildan 20 yilgacha boʻlgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda.
Mustaqil manbalar va ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga koʻra, Imai Yuki Rossiyaga kamida 2014-yildan buyon kelib-ketib yurgan va Sankt-Peterburg davlat universitetida tahsil olgan. U oʻz faoliyati davomida Xabarovskdagi Ikkinchi jahon urushi xotirasiga bagʻishlangan yodgorliklar, Davlat dumasi saylovlari hamda Rossiya va Shimoliy Koreya oʻrtasidagi munosabatlarga oid qator materiallarni tayyorlagan. Uning soʻnggi reportaji Yujno-Saxalinskdagi Shimoliy Koreya fuqarolari mavzusiga bagʻishlangan boʻlib, 5-oktabr kuni chop etilgan edi.
Source: kun.uz