Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston rasmiylari rossiyalik mashhur rap ijrochisi Navai (Navai Bakirov) ishtirokidagi shov-shuvli jinoiy ishni yakunladi. Jambul viloyati politsiya departamentining ma'lumotlariga ko‘ra, giyohvand moddalarni kontrabanda qilishda gumonlanib hibsga olingan artistga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish tugatilib, uning o‘zi mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan. Ushbu qaror prokuratura organlari tomonidan to‘liq ma'qullangani aytilmoqda.

Huquq-tartibot idoralarining iddao qilishicha, mazkur qarorni qabul qilishda ijrochining qilmishidan pushaymonligi va bu kabi huquqbuzarlik ilk bor sodir etilgani hisobga olingan. Biroq, ish to‘xtatilganiga qaramay, qo‘shiqchiga nisbatan jiddiy cheklov joriy etildi: Navai keyingi besh yil davomida Qozog‘iston Respublikasi hududiga kiritilmasligi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, mojaro joriy yilning 13-oktabr kuni "Qordoy" chegara punktida yuz bergan edi. Rossiyadan kelayotgan va Ostona shahridagi rejalashtirilgan konsertiga otlanayotgan Navai o‘tirgan avtomashina chegarachilar tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda, transport vositasidan giyohvandlik vositasi topilgan va musodara qilingan edi.

Ushbu hodisadan so‘ng darhol giyohvand moddalar kontrabandasiga urinish alomatlari bilan tergov harakatlari boshlanib, artist vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgandi. Keyinroq sud unga nisbatan ikki oylik qamoq tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan edi. Kutilmagan hibs ortidan artistning Ostonadagi chiqishi bekor qilingan yoki noma'lum muddatga qoldirilgan bo‘lib, tashkilotchilar buni texnik sabablar bilan izohlagan edilar.

Source: podrobno.uz