Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA) Kengashining XV yalpi majlisida qatnashdi. Mazkur tadbir doirasida zamonaviy dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan sunʼiy intellekt hamda texnologik taraqqiyot sharoitida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari keng muhokama markazida boʻldi.

Yalpi majlisda soʻzga chiqqan Senat raisi sunʼiy intellekt taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyot va davlat xizmatlari sifatini oshirish uchun muayyan imkoniyatlar ochishini taʼkidlab oʻtdi. Shu bilan birga, yangi texnologiyalarni joriy etish jarayonida inson huquqlarini himoya qilish, shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash hamda sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanishning huquqiy asoslarini mustahkamlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, yigʻilish davomida mamlakatimizda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qonunchilikdagi yangiliklar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Ishtirokchilar tomonidan parlamentlar oʻrtasida qonunchilik tajribasini almashish, sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha umumiy tavsiyalar ishlab chiqish hamda zamonaviy texnologiyalarni parlament amaliyotiga joriy etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Tadbir doirasida Qirgʻiziston rahbariyati bilan ham qator uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov TurkPAga aʼzo davlatlar parlamentlari rahbarlarini qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Source: kun.uz