Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yuqori seysmik faollik va iqlim o‘zgarishlari fonida tog‘li hududlarda ko‘chki xavfi dolzarb muammo bo‘lib qolayotgani haqida Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeTB) tadqiqotida ma'lum qilindi. O‘zbekiston hududlari orasida Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hamda Toshkent — O‘sh yo‘lagining ayrim qismlari potensial xavfli hududlar sirasiga kiritilgan bo‘lib, bu yerda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan siljishlar nafaqat turar-joylarga, balki transport va muhandislik infratuzilmasiga ham jiddiy zarar yetkazishi ehtimoldan xoli emas.

Tadqiqot mualliflari mintaqadagi ko‘chki xavfini murakkab tog‘ relyefi, yuqori seysmik faollik hamda tuproq siljishiga moyil bo‘lgan yonbag‘irlarda olib borilayotgan qurilishlar bilan izohlamoqdilar. Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchiliklar, qorning erishi va yer silkinishlari ham qo‘shimcha xavf omillariga aylanishi mumkinligi ta'kidlanadi. Shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston hududlarida ham shunday xavfli zonalar mavjudligi qayd etilgan.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda ko‘chki xavfidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan potensial to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotishlar 3,59 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Ushbu ko‘rsatkich modellashtirish yordamida aniqlangan bo‘lib, xavf ostidagi obyektlarning to‘liq yo‘qolish ehtimolini o‘z ichiga oladi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda 2,2 mingga yaqin zilzila qayd etilgan bo‘lib, seysmik faollikni kuzatish uchun qo‘shimcha stansiyalar tarmog‘i kengaytirilgan.

Source: podrobno.uz