Ashxobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Said Mirziyoyeva, Turkmaniston Muhtoj bolalarga homiylik yordami ko‘rsatish davlat fondining davolash ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti Oguldjaxon Atabayeva hamda Haydar Aliyev fondi vitse-prezidenti Leyla Aliyeva o‘rtasida muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar gumanitar va ijtimoiy yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Uchrashuv davomida Saida Mirziyoyeva bu kabi muloqotlar allaqachon an'anaga aylanganini va har safar yangi qo‘shma tashabbuslar hamda imkoniyatlar ochilishini alohida ta'kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar yuqori bosqichga ko‘tarilgan bo‘lib, bu oliy darajadagi kelishuvlarning amaliy natijasi ekanligini ko‘rsatadi.
O‘z navbatida, Oguldjaxon Atabayeva ikki tomonlama, shuningdek mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi gumanitar hamkorlikning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonni uzoq yillik do‘stlik rishtalari, o‘zaro ishonch va umumiy qadriyatlar bog‘lab turishini qayd etishdi.
Shuningdek, tashrif doirasida Saida Mirziyoyeva Turkmaniston Davlat rassomlik akademiyasida tashkil etilgan "Ona tabiat" nomli xalqaro san'at ko‘rgazmasining ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Ushbu madaniy tadbir uch mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Source: www.uznews.uz