Ukrainaning «Xochu jit» («Yashashni xohlayman») loyihasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining 20,4 mingdan ortiq fuqarosi Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan. Ushbu raqamlar mintaqa ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilgan maxsus brifingda e'lon qilingan bo‘lib, xorijiy yollanma askarlarning umumiy oqimi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Taqdim etilgan statistikaga binoan, shartnoma imzolaganlarning salmoqli qismi — 8200 dan ortig‘i yoki 40 foizi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ro‘yxatda Tojikiston (5308 kishi), Qozog‘iston (3819 kishi), Qirg‘iziston (2219 kishi) va Turkmaniston (884 kishi) fuqarolari ham qayd etilgan. Loyiha vakillarining ta'kidlashicha, bu ko‘rsatkichlarga Rossiya fuqaroligini olgan etnik shaxslar kiritilmagan, ular ham hisobga olinsa, umumiy miqdor yanada yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, Rossiya armiyasi safida xizmat qilishni tanlashda til, madaniyat va kuchli migratsiya aloqalari asosiy omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga, yollash jarayonida pul bilan qiziqtirish, aldanib qolish yoki huquq-tartibot idoralari tomonidan tazyiqqa uchrash kabi holatlar ustunlik qilishi aytilmoqda. Xususan, noqonuniy migrantlarga nisbatan deportatsiya yoki jinoiy javobgarlik bilan tahdid qilinib, muqobil variant sifatida harbiy shartnoma majburan taklif etilayotgani ta'kidlanadi.
Shuningdek, «Xochu jit» ma'lumotlariga ko‘ra, jangovar harakatlarda qatnashib, Ukraina asirligiga tushgan yuzlab xorijliklar orasida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ham talaygina. So‘rovnomalarga ko‘ra, asirlarning aksariyati Rossiya fuqaroligini olish yoki qamoqdan qutulishni asosiy motiv sifatida ko‘rsatgan. Biroq, ularning ko‘pchiligi o‘z vatanida yollanma jangchilik uchun jinoiy javobgarlik xavfi mavjudligi sababli ortga qaytishdan qo‘rqishlarini bildirgan.
Source: www.gazeta.uz