Rossiyaning Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti mutaxassislari gaz konlarini o'rganish jarayonlarini optimallashtirish va xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirishga qaratilgan yangi yondashuvni taqdim etdi. Mualliflarning hisob-kitoblariga ko'ra, «tornado» deb nomlangan ushbu matematik tahlil usuli birgina kon doirasida yiliga 30 milliondan 300 million rublgacha mablag'ni tejash imkonini berishi mumkin.
Ma'lumki, har qanday gaz konidan qancha qazib olish mumkinligini oldindan baholash uchun muhandislar murakkab kompyuter modellarini tuzadilar. Bunday jarayon tog' jinslarining govakligi, o'tkazuvchanligi, qatlam bosimi va suv xususiyatlari kabi yuzlab turli ko'rsatkichlarni hisobga olishni talab qiladi. Biroq, bu ma'lumotlarning barchasini aniq aniqlash ko'p vaqt hamda katta moliyaviy xarajatlar evaziga amalga oshiriladi.
Tadqiqotchilar G'arbiy Sibirdagi 66 ta gaz uyumiga oid ma'lumotlarni chuqur tahlil qilib, har bir kon uchun barcha ko'rsatkichlarni birdek chuqur o'rganish zarurmi, degan savolga javob izladilar. Ular qo'llagan «tornado-eksperimentlar» usuli yordamida modeldagi har bir geologik ko'rsatkich navbatma-navbat o'zgartirilib, uning qazib olish prognoziga ko'rsatadigan ta'siri batafsil qayd etib borilgan.
Loyiha ishtirokchilarining tushuntirishicha, turli geologik qatlamlar uchun ustuvor omillar sezilarli darajada farq qiladi. Misol uchun, sayozroq senoman qatlamlarida suvning harakati muhim bo'lsa, chuqur goteriv qatlamlarida gaz hajmini to'g'ri baholash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Olimlar ushbu natijalar asosida ortiqcha tadqiqot xarajatlarini qisqartirishga yordam beruvchi maxsus algoritm ishlab chiqqanini aytmoqda.
Source: kun.uz