Rossiya Federatsiyasining kamida 27 ta hududida OIV epidemiyasining generalizatsiyalashgan bosqichi kuzatilayotgani ma'lum bo'ldi. Rospotrebnadzor mutaxassislarining ma'lumotlariga ko'ra, mazkur subyektlarda homilador ayollarning 1 foizdan ortig'ida xavfli virus aniqlanmoqda. Eng og'ir epidemiologik vaziyat esa Kemerovo, Irkutsk va Sverdlovsk viloyatlarida saqlanib qolayotgani qayd etilgan. Bu haqda «Nezavisimaya gazeta» nashri Rospotrebnadzor Markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Vasiliy Akimkin ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, epidemiyaning bunday bosqichi infeksiya faqatgina alohida xavf guruhlari bilan cheklanib qolmay, balki keng aholi qatlamlari orasida ham jadal tarqalayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, institutning OITS profilaktikasi va unga qarshi kurash bo'limi yetakchi ilmiy xodimi Natalya Ladnaya yangi holatlar soni qog'ozda biroz kamayayotganiga qaramamay, mamlakatdagi umumiy muammo yengillashmayotganini tan olgan. Jumladan, 2025-yilda Rossiyada 45 mingta yangi OIV holati ro'yxatga olingan bo'lib, bu avvalgi yilga nisbatan go'yo kamayganini ko'rsatadi.
Biroq rasmiy statistikadagi ijobiy o'zgarishlar real vaziyatni to'liq aks ettirmasligi mumkin. Xususan, Rossiyaning 2027-yilgi byudjet loyihasida dorilar uchun ajratilishi ko'zda tutilgan qo'shimcha mablag'lar virus yana 30 ming kishini qamrab olishiga mo'ljallangani aytilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda OIV bilan yashovchilar orasida yillik o'lim ko'rsatkichi 30–34 ming nafarni tashkil etib qolmoqda va bu raqamlar ekspertlar tomonidan haddan tashqari yuqori deb baholanmoqda. Davolanish samaradorligi esa xalqaro standartlardan sezilarli darajada ortda qolmoqda.
Ma'lum bo'lishicha, 2025-yil oxiriga kelib Rossiyada OIV bilan yashovchi fuqarolarning atigi yarmida virus yuki bostirilganiga erishilgan. Davolanayotgan shaxslar orasida bu ko'rsatkich 77,9 foizni tashkil qilgan bo'lsa-da, xalqaro miqyosda belgilangan maqsadli ko'rsatkich kamida 95 foizni tashkil etishi kerak. Vaholanki, tibbiyot muassasalarining o'zida ham xavfsizlik qoidalari buzilishi oqibatida kasallik yuqish holatlari qayd etilgani vaziyat naqadar og'rligini ko'rsatadi.
Rospotrebnadzor vakili Yelena Igoninaning ma'lum qilishicha, 2025-yilda tibbiy yordam ko'rsatish vaqtida OIV va gepatit yuqishi bilan bog'liq sakkizta o'choq aniqlangan bo'lib, bu so'nggi 15 yildagi eng yuqori ko'rsatkich hisoblanadi. Mazkur o'choqlarda jami 104 bemorga infeksiya yuqqan. Mutasaddilar buning asosiy sababi sifatida sanitariya-epidemiologiya talablari qo'pol ravishda buzilganini, xususan, bir martalik kateterlar va glyukometrlardan bir nechta bemor uchun takroran foydalanilganini ko'rsatib o'tgan.
Source: kun.uz