Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev mamlakat xalqiga navbatdagi yillik Murojaatnomasini taqdim etib, kelgusi yillarga moʻljallangan iqtisodiy va ijtimoiy rejalarni eʼlon qildi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatda eng kam ish haqi miqdori 85 ming tengedan (taxminan 187 dollar) 110 ming tengega (240 dollar) oshirilishi kutilmoqda. Bu oʻzgarish qariyb 1,8 million fuqaroga, jumladan, budjet sohasida faoliyat yurituvchi 370 mingdan ortiq xodimga taʼsir koʻrsatishi aytilmoqda.
Shuningdek, Toʻqayev 2027-yilni mamlakatda «Keng koʻlamli umumxalq qurilishi yili» deb eʼlon qildi. Uning taʼkidlashicha, hududlarda yangi yoʻllar qurish, vokzal va aeroportlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, shifoxonalar, sport majmualari, kutubxonalar hamda ijtimoiy obyektlarni barpo etish ishlari jadallashtiriladi. Aholi punktlarini gazlashtirish va toza ichimlik suvi bilan taʼminlash kabi muhim infratuzilma loyihalari ham davom ettirilishi bildirildi.
Qayd etilishicha, mamlakatni yangilash va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun Milliy jamgʻarmadan 2029-yil oxiriga qadar jami 6,5 trillion tenge (14,3 milliard dollar) yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Dastlabki 1,5 trillion tenge 2027-yil boshidayoq ijtimoiy ehtiyojlarga ajratilishi koʻzda tutilgan. Biroq, tanqidchilarning fikricha, bunday ulkan mablagʻlarning oʻz vaqtida va samarali oʻzlashtirilishi shubhali boʻlib qolmoqda, chunki davlat boshqaruvi va nazorat tizimida koʻplab muammolar saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari, rasmiy prognozlarga koʻra, 2026-yilda Qozogʻiston yalpi ichki mahsuloti 400 milliard dollarga yaqinlashishi va aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM 19 ming dollardan oshishi kutilmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti hajmi boʻyicha dunyoda 47-oʻrinni egallashni maqsad qilgan boʻlsa-da, global iqtisodiy beqarorlik sharoitida bu koʻrsatkichlarga erishish qanchalik real ekanligi savol ostida qolmoqda.
Source: kun.uz