Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiya Jumhuriyati o‘zining navbatdagi muhim sanalaridan biri — 1923-yil 29-oktabrda e’lon qilingan respublika kunini nishonlar ekan, mamlakat tarixidagi tub burilish yasagan voqealar yana bir bor diqqat markaziga chiqmoqda. Birinchi jahon urushidan keyingi murakkab davrda milliy harakatga rahbarlik qilgan Mustafo Kamol Otaturk nafaqat yangi davlat tuzilmasini yaratdi, balki ijtimoiy-madaniy hayotni ham tubdan o‘zgartirishga kirishdi. Ushbu jarayonning eng yorqin ko‘rinishlaridan biri uning 1925-yil avgust oyida Kastamonu va Inebolu hududlariga amalga oshirgan safari chog‘ida so‘zlagan mashhur nutqidir.

Otaturk o‘z chiqishida jamiyat tuzilishi, urf-odatlar va fuqarolik qiyofasini zamonaviy mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligini qat’iy ta’kidlagan edi. Uning fikricha, haqiqiy inqilobchilar xalqning ongi va vijdonidagi intilishlarni to‘g‘ri anglay oladigan kishilardir. U jamiyatni asrlar davomida ortga tortib kelgan xurofotlar, soxta tushunchalar hamda asossiz an’analardan holi qilish lozimligini ochiq bayon qildi. Xususan, mamlakatda shayxlar va darvishlar ta’siriga chek qo‘yilib, eng to‘g‘ri tariqat madaniyat tariqati ekani qат'iy uqtirildi.

Shuningdek, nutqda kiyinish madaniyati va gender tengligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Otaturk zamonaviy dunyoda milliy libos tushunchasini ilmiy asoslangan va qulay kiyimlar orqali qayta tiklash zarurligini ta’kidlab, eski va kulgili ko‘rinishdagi kiyinish uslublarini keskin tanqid qildi. Shu bilan birga, ayollarning jamiyatdagi o‘rniga to‘xtalib, mamlakat taraqqiyoti erkak va ayollarning yonma-yon, teng huquqli holdagina amalga oshishi mumkinligini qayd etdi.

Mazkur tarixiy nutq Turkiyaning keyingi huquqiy va ijtimoiy islohotlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. Otaturkning g‘oyalari bugungi kunda ham jamiyatning ma’rifatli, ilm-fan va madaniyatga intilishi yo‘lidagi muhim falsafiy asos sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Source: www.gazeta.uz