Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Armaniston parlamenti majlislar zalida hukmron "Fuqarolik shartnomasi" hamda muxolifatdagi "Kuchli Armaniston" partiyalari vakillari o‘rtasida navbatdagi ommaviy mushtlashuv kelib chiqdi. Mojaro 29-oktabr kuni tongda boshlanib, deputat Taron Chaxoyanning chiqishi vaqtida yuzaga kelgan keskin dahanaki jangdan so‘ng ochiq jismoniy to‘qnashuvga aylanib ketdi.

Ma'lum qilinishicha, mushtlashuv qizg‘in pallaga chiqqan vaqtda parlament vitse-spikeri Vaagn Aleksanyan muxolifat vakillari tomoniga stul otgani e'tiborni tortdi. Mahalliy OAV tarqatgan xabarlarga ko‘ra, mazkur tartibsizliklar oqibatida deputatlardan birining burni qonagan, boshqasining esa kiyimlari yirtilib, jiddiy jismoniy shikoyatlar kelib chiqqan.

Xavfsizlik xizmati xodimlarining zudlik bilan aralashuvi va urinishlariga qaramay, tomonlar o‘rtasidagi janjal parlament binosining koridorlarida ham uzoq vaqt davom etgan. Mojaro sababli asosiy majlislar jarayoni to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa-da, parlament spikeri Ruben Rubinyan yig‘ilish translyatsiyasini o‘chirmasdan qoldirgan.

Qayd etilishicha, bu Armaniston qonunchilik organida sodir bo‘lgan ilk bunday holat emas. Joriy yilning oktabr oyi boshida ham parlament binosida hukmron partiya va muxolifat vakillari o‘rtasida shunga o‘xshash jismoniy to‘qnashuvlar yuzaga kelgani haqida xabarlar berilgan edi.

Source: kun.uz