Armanistondagi tarixiy Metsamormajmuasi hududida olib borilayotgan qazishma ishlari chogʻida arxeologlar noyob qadimiy buyumlarni topishga muvaffaq boʻlishdi. Xabarlarga koʻra, mutaxassislar tomonidan oltin sirgʻalar, bronza xanjar hamda Rim imperiyasining ilk hukmdori Oktavian Avgust nomi bilan bogʻlanayotgan qadimiy tanga aniqlangan. Ushbu topilmalar turli tarixiy davrlarga, jumladan soʻnggi bronza davri, temir davri va antik davrga oid ekani taxmin qilinmoqda.
Armanistonning Tarixiy muhitni muhofaza qilish xizmati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, tadqiqotlar «Metsamor» muzey-qoʻriqxonasiga tutash hududda olib borilmoqda. Mutaxassislar eʼlon qilgan suratlarda boʻrtma naqshlar bilan bezatilgan yirik oltin sirgʻalar, shuningdek, tuproq orasida yotgan va yashilsimon patina qatlami qoplagan qadimiy qurol qismlari yaqqol koʻrinib turibdi.
Ayniqsa, Rim imperatori Oktaviana Avgust tasvirlangani aytilayotgan tanga ilmiy doiralarda qiziqish uygʻotdi. Biroq, Britaniya muzeyi maʼlumotlariga tayanilsa-da, mutaxassislar hozircha tanganing aniq nominali, qaysi zarbxonada tayyorlangani va qachon muomalaga kiritilgani haqida aniq maʼlumot berishmagan. Shuningdek, boshqa topilmalarning ham qaysi aniq davrga tegishliligi toʻliq ochiqlanmagan.
Maʼlumot uchun, Metsamor majmuasi Ararat vodiysida, Yerevandan 35 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan boʻlib, uning hududida Armaniston va Polsha arxeologlarining qoʻshma ekspeditsiyasi 2013-yildan buyon ish olib bormoqda. Avvalgi mavsumlarda ham bu yerdan miloddan avvalgi III ming yillikdan milodiy I asrga qadar boʻlgan davrni qamrab oluvchi sopol buyumlar va turli taqinchoqlar topilgan edi.
Source: kun.uz