Tyumen davlat universiteti psixologlari tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga nisbatan tushunchalarida jiddiy qarama-qarshiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Ilmiy ishda jami 556 nafar talaba ishtirok etib, ularning sunʼiy intellekt haqidagi tasavvurlari erkin assotsiatsiyalar usuli yordamida o‘rganildi. Ishtirokchilardan ushbu mavzu tilga olinganda xayoliga birinchi bo‘lib keladigan so‘zlar va obrazlarni aytish so‘ralgan bo‘lib, bu yoshlarning ongida texnologiyaga nisbatan qanday yondashuvlar shakllanganini aniqlash imkonini berdi.
Olingan natijalarga ko‘ra, sunʼiy intellekt bilan eng ko‘p bog‘langan tushunchalar qatoriga aql, texnologiklik, yordam, tezkorlik va kelajak kirdi. Talabalar uni asosan insonning ishini yengillashtiradigan, kundalik vazifalarni samarali bajarishga xizmat qiladigan qulay vosita sifatida qabul qiladi. Shu bilan birga, ishtirokchilar ushbu texnologiyaning sunʼiy ravishda yaratilganini va aslida insonga xos bo‘lgan sifatlarga to‘laqonli ega emasligini ham tan oladi. Ularning fikricha, sunʼiy intellekt hech qachon «jonli aql» darajasiga chiqa olmaydi, balki faqatgina muayyan maqsadlarga xizmat qiluvchi mexanizm bo‘lib qoladi.
Shunga qaramay, tadqiqot mualliflari talabalarning ongida bir-biriga zid bo‘lgan ikki xil yondashuv yonma-yon mavjudligini aniqlashdi. Bir tomondan, sunʼiy intellekt ish unumdorligini sezilarli oshirishga qodir kuchli texnologik yordamchi sifatida ko‘rilsa, ikkinchi tomondan, yoshlar unga insoniy xususiyatlarni nisbat berishga moyil ekanligini ko‘rsatdi. Xususan, talabalar uni fikrlay oladigan, ijod qiladigan yoki hatto «aqlli» yoxud «ahmoq» bo‘lishi mumkin bo‘lgan tizim sifatida taʼriflagan. Psixologiyada jonsiz narsalarga insoniy xususiyatlarni berish antropomorfizatsiya deb ataladi va bu holat yoshlar o‘rtasida keng tarqalgani maʼlum bo‘ldi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, sunʼiy intellektga nisbatan umumiy munosabat ijobiy tusga ega bo‘lsa-da, talabalar orasida muayyan xavotirlar ham saqlanib qolmoqda. Yoshlar texnologiyaning kelajakdagi imkoniyatlarini tan olishsa-da, uning ishonchliligi va xavfsizligiga doir jiddiy savollar ochiq qolayotganidan tashvish bildirishmoqda. Tyumen davlat universiteti Taʼlim maktabi professori Inna Vasilevaning so‘zlariga ko‘ra, talabalarning umumiy munosabati ijobiy bo‘lishiga qaramay, ularda texnologiyaning xavfsizligi yuzasidan haqli shubhalar mavjud bo‘lib, bu masalalar alohida eʼtibor talab qiladi.
Source: kun.uz