Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

16-mart kuni Kubada milliy energiya tizimida keng qamrovli uzilish yuz berdi, natijada mamlakat aholisining deyarli hammasi – taxminan 10 million kishi – elektr taʼminotidan mahrum boʻldi. Reuters agentligi xabar berishicha, bu uzilish butun orolni qamrab olgan eng yirik elektr muammolaridan biri hisoblanadi. Kuba elektr tarmoqlari operatori UNE kompaniyasi hodisaning aniq sabablari hozirda tergov qilinayotganini maʼlum qildi.

Kubaning eskirgan elektr ishlab chiqarish va uzatish infratuzilmasi yillar davomida muammoli boʻlib kelgan, ammo AQSh tomonidan joriy etilgan neft blokadasi tufayli vaziyat keskin yomonlashdi. Yanvar oyida AQSh Kubaning asosiy ittifoqchisi Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qoʻlga olganidan soʻng, orolga neft yetkazib berish amalda toʻxtadi. Reuters maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda Kuba portlari faqat ikkita kichik yonilgʻi kemasini qabul qilgan – biri Meksikadan, ikkinchisi Yamaykadan.

Elektr taʼminotidagi uzilishlar va oziq-ovqat taqchilligi fonida Kubada norozilik namoyishlari boshlandi. 14-mart kuni Moron shahrida namoyishchilar hukmron Kommunistik partiya qoʻmitasi binosiga oʻt qoʻydi. Reuters taʼkidlashicha, Kubada ommaviy norozilik namoyishlari va tartibsizliklar juda kam uchraydigan hodisadir, bu esa mamlakatdagi ichki bosimning kuchayganligidan dalolat beradi.

Oʻtgan hafta Kuba hukumati inqirozni bartaraf etish boʻyicha AQSh bilan muzokaralar boshlanganini eʼlon qildi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel muzokaralar “tenglik, hurmat va suverenitet tamoyillari asosida” oʻtishiga umid bildirdi. Biroq, AQSh prezidenti Donald Tramp soʻnggi haftalarda oʻz ritorikasini keskinlashtirib, Kubani “egallab olish” “sharaf” ekanligini va u “bilan nima xohlasam, shuni qilishim mumkin” deb bayon qildi.

New York Times nashrining yozishicha, AQSh maʼmuriyatining asosiy maqsadi Dias-Kanelni lavozimidan chetlatishdir. Gazeta manbalarining soʻzlariga koʻra, AQSh Kuba vakillariga prezidentning ketishi kerakligini ochiq tushuntirgan, ammo keyingi qadamlarni kubaliklarning ixtiyoriga qoldirgan. Bu vaziyat Kubaning suvereniteti va oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga jiddiy tahdid solayotganini koʻrsatmoqda.

Source: www.gazeta.uz