Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon suhbatlarida Kreml manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga, Ukrainaga bosimni kuchaytirishga va Rossiya oligarxlari, jumladan Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovadan Yevropa sanksiyalarini olib tashlashga va’da bergan. Bu haqda The Insider, VSquare, Delfi Estonia va ICJK tahririyatlariga kelib tushgan suhbat yozuvlarida so‘z boradi. Yozuvlar 2024-yil 30-avgustdagi suhbatni o‘z ichiga oladi, unda Siyyarto Lavrovga o‘zining Rossiya OAVlarida iqtibos keltirilgan so‘zlaridan xavotir bildirgan, Lavrov esa uni pragmatik harakat qilayotgani uchun maqtagan.
Suhbatda asosiy mavzu Gulbahor Ismoilovadan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini olib tashlash bo‘lgan. Siyyarto Lavrovga Slovakiya bilan birgalikda Yevropa Ittifoqiga Ismoilovani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish taklifini kiritishini va buning uchun har qanday ishni qilishini aytgan. Keyinchalik, 2025-yil mart oyida Ismoilovadan sanksiyalar olib tashlangan. Bundan tashqari, Siyyarto Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishlaridagi maxfiy muzokaralar tafsilotlarini, jumladan Litva vakilining Vengriya va Slovakiya Rossiya energiya resurslarini sotib olayotgani haqidagi da’volarini Lavrovga yetkazgan.
Jurnalistlar Siyyartoning Rossiya iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Pavel Sorokin bilan suhbatlari yozuvlarini ham o‘z qo‘llariga olgan. Bu yozuvlarda Siyyarto Rossiyaning “soyadagi floti”ga qarshi sanksiyalarni bekor qilish uchun kurashishini va Dubaydagi 2Rivers kompaniyasiga qarshi sanksiyalar haqidagi hujjatlarni ko‘rsatishdan Yevropa Ittifoqining bosh tortganidan shikoyat qilgan. Yozuvlar qayerdan kelib qolgani ochiq emas, ammo avvalroq The Washington Post Siyyartoning Lavrov bilan muntazam qo‘ng‘iroqlashib, Yevropa Ittifoqi muzokaralari haqida hisobot berishini yozgan.
Audioyozuv e’lon qilingach, Siyyarto Facebook sahifasida bu “shov-shuvli kashfiyot” ekanligini va u telefon orqali ham omma oldida aytadigan gaplarni aytishini isbotlaganini yozdi. U Vengriyaning energiya ta’minoti xavfsizligi yoki tinchlik uchun muhim shaxslarga, shuningdek, asossiz sanksiyalarga qarshi turishini takrorladi. Bu voqea Vengriyaning Yevropa Ittifoqidagi pozitsiyasi va Rossiya bilan munosabatlariga shubha uyg‘otmoqda.
Source: www.gazeta.uz