Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Prezidenti Donald Tramp federal hukumatning bolalar bogʻchalari va sogʻliqni saqlash dasturlariga emas, balki mudofaaga koʻproq mablagʻ ajratishi kerakligini taʼkidladi. Uning fikricha, bu sohalar shtatlar zimmasida boʻlishi lozim. CNN maʼlumotlariga koʻra, Tramp bu fikrlarni Pasxa bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan yopiq kechki ovqatda bildirgan.

Trampning soʻzlari video orqali yozib olingan va YouTubeʼdagi Oq uy kanalida qisqa muddatga joylashtirilgan, ammo keyinchalik olib tashlangan. Business Insider jurnalisti videoning nusxasini saqlab qolgan. Videoda Tramp Byudjet boshqarmasi rahbari Russell Vought bilan suhbatini eslab, "Men Russellga aytdim: bolalar bogʻchalari uchun mablagʻ ajratma. AQSh hozir bolalar bogʻchalari bilan shugʻullana olmaydi. Bu shtatlar masʼuliyatida boʻlishi kerak. Biz katta mamlakatmiz. Bizda 50 ta shtat bor", deb taʼkidlagan.

Keyin Tramp, "Biz urush olib bormoqdamiz. Bizda bolalar bogʻchalari uchun vaqt yoʻq", deb qoʻshimcha qilgan. Uning fikricha, shtatlar bolalar bogʻchalari va sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish uchun soliqlarni oshirishi kerak. Tramp shuningdek, "Biz bolalar bogʻchalari, Medicaid, Medicare bilan shugʻullana olmaymiz — shtatlar buni oʻzlari qilishi mumkin. Federal darajada bu imkonsiz. Biz faqat bitta narsa bilan shugʻullanishimiz kerak: harbiy mudofaa. Biz mamlakatni himoya qilishimiz kerak", deb eʼlon qilgan.

Ertasi kuni Oq uy matbuot kotibi Caroline Leavitt Trampning soʻzlarini bu dasturlardagi firibgarlikni bartaraf etish zarurati haqida ekanligini tushuntirgan. Biroq, CNN taʼkidlashicha, nutqning asosiy mavzusi tibbiy dasturlarni kim toʻlashi kerakligi masalasi boʻlgan. Trampning bu bayonotlari Eron bilan urush haqidagi milliy murojaatidan bir necha soat oldin boʻlib, u yerda Tramp AQSh gʻalabaga yaqin ekanligini, ammo yakunlanish muddatini koʻrsatmagan.

Source: kun.uz