Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniyada 17 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan barcha erkaklar agar mamlakatni uch oydan ortiq muddatga tark etishni rejalashtirmoqchi bo‘lsa, Bundesverda (Germaniya qurolli kuchlari) ruxsatnoma olishi shart bo‘ldi. Bu talab har qanday safar maqsadiga, jumladan, o‘qish, shartnoma asosida ish yoki uzoq muddatli sayohatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Bu qaror 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirgan harbiy xizmatni modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar bilan bog‘liq. Ilgari bunday chora faqat harbiy tahdid yoki mamlakatga hujum holatida qo‘llanilgan, ammo endi u tinchlik davrida ham doimiy amal qiladi. Mudofaa vazirligi yangilanishning maqsadi "harbiy majburiyatli shaxslarni va chet elda bo‘lganlarni ishonchli hisobga olish" ekanligini ta‘kidladi.

Idora yangilanishning oqibatlari "muhim" ekanligini tan olib, ortiqcha byurokratiyani oldini olish uchun istisnolar ishlab chiqishga va‘da berdi. Biroq, hozirda Germaniyadagi erkaklar uchun chetga chiqish ruxsatnomalari tizimi qanday ishlashi, agar bu haqda bilinmasa nima bo‘lishi va ruxsatnomasiz mamlakatni tark etganlar uchun qanday jazolar qo‘llanilishi masalalari ochiq qolmoqda.

Bu chora keng qamrovli islohotning bir qismidir: hukumat 2035-yilga kelib armiya sonini hozirgi 184 mingdan 255–270 ming harbiy xizmatchigacha oshirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun 2008-yil va undan keyin tug‘ilgan yoshlarga harbiy xizmatga tayyorligi haqida anketa yuborilmoqda. Erkaklar uchun javob berish majburiy, ayollar uchun esa ixtiyoriy, chunki Germaniya Konstitutsiyasi faqat erkaklar uchun harbiy chaqiruvni nazarda tutadi.

Chaqiruv jarayoni bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026-yilda anketa orqali o‘z tayyorligini bildirganlar birinchi bo‘lib tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Keyinchalik barcha yoshlar uchun kompleks chaqiruv jarayoni amalga oshiriladi. Ixtiyoriylik printsipi o‘zgarishsiz qoladi: hech kim qurolli kuchlarda xizmat qilishga majbur qilinmaydi.

Source: podrobno.uz