Turkiya rasmiylari mamlakat bo‘ylab barcha maktablarda xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hurriyet gazetasining Ichki ishlar vazirligi direktivasiga tayanib bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan bir qator qonli hujumlardan keyin qabul qilingan.
Endilikda Turkiyaning 81 ta provinsiyasidagi har bir ta’lim muassasasida kamida ikki nafar politsiya xodimi doimiy navbatchilikda bo‘ladi. Maktab hududlarida kuchaytirilgan tekshiruvlar joriy etildi, xavfsizlik choralari esa doimiy ravishda xavf-xatarlarni baholash asosida yangilanib boriladi.
14-aprel kuni Shanliurfa viloyatidagi litseyga hujum natijasida 16 kishi jarohatlandi. Ulardan 10 nafari o‘quvchi, 4 nafari o‘qituvchi, bittasi politsiyachi va bittasi oshxona xodimi edi. 15-aprel kuni esa Kahramanmarash shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada 9 kishi halok bo‘ldi, 13 kishi jarohatlandi. Hujumni ushbu maktabning 8-sinf o‘quvchisi amalga oshirgan.
Ikkala hujumchi ham voqea joyida o‘z joniga qasd qilgan, ularning motivlari hozircha aniqlanmagan. Biroq, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Kahramanmarashdagi o‘quvchi ijtimoiy tarmoqlarda 2014-yilda Santa-Barbarada olti nafar kollej talabasini o‘ldirgan amerikalik qotil Elliot Rojerga ishora qiluvchi fototasvirdan foydalangan.
Tergov doirasida huquq-tartibot idoralari “jinoyat va jinoyatchilarni ulug‘lash” aybi bilan 80 dan ortiq kishini qo‘lga oldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi 940 ta akkauntga kirish bloklandi, Telegram messenjeridagi 93 ta guruh yopildi. Bu choralar maktab xavfsizligini ta’minlash va shunga o‘xshash hodisalarning oldini olishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz