Indoneziya poytaxti Jakartadan sharqda joylashgan Bekasi shahrida uzoq masofaga qatnovchi poyezd va elektropoyezd to‘qnashishi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi, yana 88 kishi jarohatlandi. Bu haqda Jakarta Globe xabar bermoqda.
Halokat 27-aprel kuni kechqurun “Bekasi-Timur” stansiyasi yaqinida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, KRL shahar atrofi elektropoyezdi temiryo‘l kesishmasida taksi bilan to‘qnashgan. Shundan so‘ng xuddi shu yo‘nalishda harakatlanayotgan Argo Bromo Anggrek shaharlararo poyezdi elektropoyezdga urilgan. Asosiy zarba ayollar vagoniga to‘g‘ri kelgan.
Qutqaruv amaliyoti yakunlandi. Argo Bromo Anggrek poyezdining 240 nafar yo‘lovchisidan hech kim jabrlanmagan.
Jakartaning shahar atrofi elektropoyezdlari dunyoning eng zich joylashgan shahri hisoblanuvchi Indoneziya poytaxtidagi eng tirband transport turlaridan biridir, deb yozadi Reuters. Agentlikning qayd etishicha, Indoneziya temiryo‘l tarmog‘ining sezilarli qismi eskirgan va undagi avariyalar odatiy holga aylangan. 2024-yilning yanvar oyida G‘arbiy Yava provinsiyasida ikkita poyezd to‘qnashib ketishi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan edi.
Source: www.gazeta.uz