Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Donald Tramp ma’muriyati noimmigratsion viza uchun ariza topshirishning yangi qoidalarini joriy etdi. Ular AQShdan boshpana olish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklashi mumkin, deb yozmoqda Washington Post.

Gazeta tomonidan o‘rganib chiqilgan AQSh Davlat departamenti direktivasi diplomatik missiyalarga noimmigratsion viza talabgorlaridan o‘z vataniga qaytishdan qo‘rqish-qo‘rqmasligini so‘rashni va ijobiy javob berganlarga viza berishni rad etishni buyuradi.

Konsullarga arizachidan ikkita savolni so‘rash majburiyati yuklandi: “Siz AQShdan boshpana so‘rashni rejalashtiryapsizmi?” va “Siz AQShda qolish uchun boshqa sabab bormi, bu sizni vataningizga qaytishdan qaytaradi?”

“Konsullik bo‘limi xodimi viza berish jarayonini davom ettirishi uchun vizaga talabgorlar har ikkala savolga og‘zaki ravishda „yo‘q“ deb javob berishlari kerak”, — deyiladi farmoyishda.

Ushbu yangilik Oq uyning Qo‘shma Shtatlardan boshpana oluvchi chet el fuqarolari sonini keskin cheklashga bo‘lgan navbatdagi urinishidir, deb qayd etmoqda nashr. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, xorijlik fuqarolar agar vatanida ta’qibga uchrasa yoki ta’qib qilinishidan asosli xavotirlari bo‘lsa, mamlakat hududida turib boshpana so‘rab murojaat qilish huquqiga ega.

Farmoyishda savollarga salbiy javob bergan viza sohibi keyinchalik boshpana so‘rab ariza topshirsa, nima bo‘lishiga aniqlik kiritilmagan. Biroq bunday ssenariy viza firibgarligida ayblash va natijada deportatsiya qilish uchun asos bo‘lishi mumkin, deb yozadi WP.

“Arizachining o‘z fuqaroligi bo‘lgan mamlakatga yoki doimiy yashash joyiga qaytishdan qo‘rqishi viza uchun ariza topshirish paytida ko‘rsatilgan safar maqsadi va arizachining immigratsiya niyatlarini shubha ostiga qo‘yadi”, — deyiladi farmoyishda.

Shuningdek, hujjatda “Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘rayotgan chet elliklarning ko‘pligi ko‘plab xorijliklar viza olish jarayonida konsullik xodimlarini chalg‘itayotganidan dalolat berishi” qayd etilgan.

Source: www.gazeta.uz