AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin 29-aprel kuni telefon orqali muloqot qildi. RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida Putin Trampga 9-may kuni sulh e’lon qilishga tayyorligi haqida ma’lum qilgan.
“Tramp ushbu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatladi”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti yordamchisi. Ushakovning ta’kidlashicha, Tramp Putinga Ukrainadagi nizoni hal qilish bo‘yicha kelishuvga juda oz qolganini aytgan.
Muloqot Moskva tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan va bir yarim soatdan ortiq davom etgan. Tramp Putin bilan bo‘lgan suhbat haqida gapirar ekan, ular Ukrainada ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilganini bayon etdi.
“Biz yaxshi suhbatlashdik, men uni anchadan beri taniyman”, — dedi AQSh prezidenti Oval kabinetda jurnalistlarga. Oq uy rahbari, shuningdek, aynan o‘zi Ukrainadagi urushda “qisqa muddatli sulh” taklif qilganini aytdi.
“O‘ylaymanki, u buni qila oladi”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp va jurnalistlardan Putinning sulh e’lon qilgan-qilmaganini qiziqib so‘radi. AQSh prezidenti, shuningdek, Putin unga Erondagi boyitilgan uran masalasini hal qilishda yordam taklif etganini ma’lum qildi.
“Men esa, bundan ko‘ra ko‘proq Ukraina bilan urushni to‘xtatishda ishtirok etishingizni istagan bo‘lardim, dedim”, — dedi Tramp.
Source: www.gazeta.uz