Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1-maydan boshlab Xitoy poytaxti Pekinda dronlarni sotish, ijaraga berish va olib kirish taqiqlanadi. Yangi qoidalar shahar xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy etilgan bo‘lib, qoidabuzarlarga 500 yuan (taxminan 73 dollar) miqdorida jarima solinadi va qurilma musodara qilinishi mumkin.

Dron egalari o‘z qurilmalarini politsiyada ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart. Ochiq havodagi barcha parvozlar uchun oldindan ruxsat olish talab etiladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar onlayn ta’lim olishlari va dronlarni boshqarish qoidalari bo‘yicha imtihon topshirishlari kerak.

Terrorizmga qarshi kurashish va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish maqsadida dronlardan foydalanishga istisnolar ko‘zda tutilgan, biroq bu faqat rasmiy organlarning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Cheklovlar mart oyida tasdiqlangan edi. Shahar rasmiylari past balandlikdagi havo bo‘shlig‘i xavfsizligi sohasidagi “muammolarni” bartaraf etish uchun dronlar ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ma’lum qilgandi.

2025-yilda Pekinning butun havo bo‘shlig‘i dronlardan xoli hudud deb e’lon qilingan bo‘lib, parvozlar uchun aviatsiya regulyatori bilan alohida kelishish talab etilardi. Yangi qoidalar Xitoydagi yirik dronlar bozoriga kuchli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda, chunki mamlakatda uch milliondan ortiq dron ro‘yxatga olingan va yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar joylashgan.

Source: www.gazeta.uz