Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti (RSF) Isroilni G‘azoga yo‘l olgan Global Sumud flotiliyasidagi uch jurnalistni “o‘g‘irlab ketishda” aybladi. Flotiliya xalqaro suvlarda ushlangan.
RSF ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Isroil armiyasini Al Jazeera muxbiri Hafed Mribah (fransuz), operator Mahmut Yavuz (turk) va Zeteo nashri jurnalisti Aleks Kolstonni xalqaro suvlarda o‘g‘irlab ketganini qoraladi. “Isroil ularning xavfsizligi uchun javobgardir”, deyiladi bayonotda.
Al Jazeera o‘z jurnalistlari xavfsizligidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. Tarmoq Isroilni xalqaro huquqni takroran buzayotganlikda ayblab, xalqaro hamjamiyatni birlashgan pozitsiya egallashga chaqirdi.
Tashkilotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, Isroil 58 ta kemadan 22 tasini chorshanba kuni kechqurun Gretsiyaning Peloponnes yarim oroli yaqinidagi xalqaro suvlarda ushlagan. 211 kishi hibsga olingan, Isroil ularni Gretsiyaga yuborishni rejalashtirgan.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Isroilni “fuqarolik flotiliyasiga hujum qilib, xalqaro huquqni yana bir bor buzishda” aybladi va Yevropa Ittifoqini ikki tomonlama aloqalarni to‘xtatishga chaqirdi.
Avvalgi flotiliya hibsga olinganlaridan ba’zilari kaltaklash, tiz cho‘ktirish, ko‘z bog‘lash va uyqusiz qoldirish kabi jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka uchraganini da’vo qilgan. Isroil bu ayblovlarni “soxta yangilik” deb atadi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi fevral oyidagi hisobotida Isroil hibsxonasidagi 59 falastinlik jurnalistning guvohliklariga asoslanib, Isroil ma’murlari muntazam ravishda jurnalistlarni qiynoq, jinsiy zo‘ravonlik va tibbiy e’tiborsizlikka duchor qilishini ma’lum qilgan.
Source: www.aljazeera.com