Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Tehron bilan erishilgan o't ochishni to'xtatish kelishuvi harbiy harakatlarni “tugatdi” degan da'voni ilgari surmoqda. Bu bayonot ikki oy davom etgan Eron urushi bo'yicha Kongressga hisob berishning qonuniy muddati juma kuni tugagan bir paytda yangradi, deb yozdi Reuters.

1973-yilda qabul qilingan “Urush vakolatlari to'g'risida”gi rezolyutsiyaga ko'ra, prezident harbiy harakatlarni faqat 60 kun davomida mustaqil olib borishi mumkin. Ushbu muddat tugagach, u harbiy harakatlarni to'xtatishi, Kongressdan ruxsat so'rashi yoki qo'shinlarni olib chiqish jarayonida “AQSh Qurolli kuchlari xavfsizligi bilan bog'liq muqarrar harbiy zarurat” tufayli muddatni 30 kunga uzaytirishni talab qilishi lozim.

Politico Oq uyning da'vosi bayon qilingan maktub nashr ixtiyoriga kelib tushganini ma'lum qildi. Unga ko'ra, agar qonun chiqaruvchilar harbiy kuch ishlatishga ruxsat bermasa, operatsiyalar to'xtatilishi shart. Trampning ta'kidlashicha, Tehron bilan erishilgan o't ochishni to'xtatish kelishuvi amalda ushbu muddatning hisobini to'xtatadi.

“2026-yil 7-apreldan beri AQSh va Eron o'rtasida o't ochish holatlari kuzatilmadi”, — deb yozadi Tramp o'zi tomonidan muddatsiz uzaytirilgan o't ochishni to'xtatish rejimiga ishora qilib. “2026-yil 28-fevralda boshlangan harbiy harakatlar yakunlandi”.

Ushbu maktub, shuningdek, muzokaralar to'xtab qolgan va Eron portlarining harbiy blokadasi davom etayotgan bir sharoitda e'lon qilindi. Prezident juma kuni Floridaga jo'nab ketish oldidan jurnalistlarga Eronga “yakuniy taklif” berganini aytdi, biroq ushbu mamlakatning “tarqoq” hukumati bilan kelishuvga erishish imkoniyatiga nisbatan shubha bildirdi.

Eronning IRNA davlat axborot agentligi 1-may kuni Eron AQSh bilan muzokaralar bo'yicha o'z yangi taklifini Pokistondagi vositachilarga topshirgani haqida yozgandi. Keyinroq Tramp ushbu taklifdan “mamnun emasligini” aytdi, biroq taklifning aynan qaysi kamchiliklari borligiga to'xtalmadi. AQSh va Eron o'rtasidagi nobarqaror o't ochishni to'xtatish rejimi uch haftadan beri davom etmoqda.

“Urush vakolatlari to'g'risida”gi rezolyutsiyada belgilangan 1-may muddati endi hech qanday choralarsiz o'tib ketadigan ko'rinadi, chunki Senat demokratlarning urushni to'xtatish bo'yicha oltinchi urinishini rad etganidan so'ng qonun chiqaruvchilar payshanba kuni bir haftalik ta'tilga chiqib ketdi, deb qo'shimcha qildi Associated Press.

Source: www.gazeta.uz