FIFA prezidenti Janni Infantino Eron terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatida AQShda ishtirok etishini tasdiqladi. Bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi keskin harbiy-siyosiy ziddiyatlarga qaramay qabul qilindi.
Infantino Mundo Deportivoga bergan intervyusida: «Albatta, Eron terma jamoasi jahon chempionatida qatnashadi. Jamoa AQShda o‘ynaydi. Sababi oddiy: biz odamlarni birlashtirishimiz kerak. Bizning vazifamiz aynan shu. Futbol dunyoni birlashtiradi», — dedi.
Avvalroq Eron hukumati turnirni boykot qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan edi. Eron sport vaziri Ahmad Donyamali: «AQShga sayohat qilish uchun hech qanday shart-sharoit yo‘q. Farzandlarimiz xavf ostida. Jahon chempionatida qatnashish imkoniyatimiz yo‘q», — deb ma’lum qilgan.
Muqobil variantlar — o‘yinlarni Meksikaga ko‘chirish yoki Eronni boshqa jamoa (Italiya yoki qit’alararo pley-off g‘olibi) bilan almashtirish muhokama qilingan. Biroq FIFA o‘yinlarni asl joyidan ko‘chirish mumkin emasligini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron ishtirokiga qarshi emasligini bildirdi: «Agar Janni shunday degan bo‘lsa, men qarshi emasman. O‘ynasinlar. Janni ajoyib yigit, u mening do‘stim. Men unga: «Xohlaganingni qil. Agar xohlasang, ruxsat ber, xohlamasang, berma», dedim. Ularning yaxshi jamoasi bormi? Rostini aytsam, bunga ishonish qiyin».
Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Eronning guruhdagi uchta o‘yini AQShda: ikkitasi Los-Anjelesda va bittasi Sietlda. Raqiblari: Belgiya, Yangi Zelandiya va Misr.
Source: kun.uz