Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

6-may kuni O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning yetakchi tadbirkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Tadbirda Ukrainaning Forbes jurnali talqini bo‘yicha eng yirik 100 ta kompaniyasi ro‘yxatiga kiruvchi 60 dan ortiq korxona rahbarlari va top-menejerlari, xususan, MEGOGO (onlayn kinoteatr), MTI Group (riteyl, IT va logistika), UNIT.City (innovatsiyalar parki), MXP (oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi), Uklon (taksi agregatori), “Biosfera” (ro‘zg‘or va gigiyena tovarlari ishlab chiqaruvchi), “Darnitsya” (farmatsevtika kompaniyasi) va Idea Bank vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Alisher Kurmanov ishtirokchilarni mamlakatda chet ellik investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi hamda transport-logistika imkoniyatlari bilan tanishtirdi.

“Ukrainalik tadbirkorlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi jozibador va istiqbolli bozor sifatida baholab, mamlakatdagi barqaror iqtisodiy o‘sish hamda ochiq investitsiya siyosatiga yuqori baho berdi”, — deyiladi agentlik xabarida.

O‘zbekiston bozorida allaqachon faoliyat yuritayotgan MEGOGO, “Yuriya-Farm” (farmatsevtika kompaniyasi), Uklon va Sigma Software (IT kompaniya) vakillari biznesni kengaytirish va investitsiyalar hajmini oshirishga qiziqish bildirdi.

Sona Pharma (farmatsevtika kompaniyasi) direktori Denis Golubchikov 2027-yil yanvaridan boshlab kompaniya tibbiyot bozoriga oftalmologiya sohasidagi innovatsion mahsulotlar portfelini taqdim etish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Uklon bosh direktori Sergey Grishkov kompaniyaning birgina Toshkentdagi biznesini rivojlantirish uchun 10 mln dollardan ortiq investitsiya kiritganini ma’lum qildi. Uning fikricha, aholi sonining o‘sishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va rivojlangan fintex infratuzilmasi O‘zbekistonni uzoq muddatli strategik rivojlanish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda.

“Darnitsya” kompaniyasining eksport bo‘yicha direktori Gurgen Karapetyan O‘zbekiston asosiy strategik bozorlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika sohasidagi murakkab va qat’iy tartibga soluvchi talablarga qaramay, kompaniya hozirda O‘zbekistonda 27 turdagi mahsulotni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini amalga oshirmoqda.

Uchrashuv yakunida ukrainalik tadbirkorlar 16−18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni “sifat jihatidan yangi bosqichga” olib chiqishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi, deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston diplomatlari har bir tadbirkor bilan uchrashuvlar tashkil etish, ularning amaliy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy tashabbuslarini amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz