Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniyadan olib chiqilishi mumkin bo‘lgan Amerika harbiy kontingentini Polsha hududiga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

«Polsha buni xohlaydi. Biz Polsha bilan ajoyib munosabatlarga egamiz va prezident Karol Navrotskiy bilan ham munosabatlarimiz zo‘r. Men uni qo‘llab-quvvatladim va u g‘alaba qozondi, garchi ancha ortda qolgan bo‘lsa ham. U ajoyib jangchi va ajoyib inson. Shuning uchun qo‘shinlarni ko‘chirish mumkin. Ehtimol, buni amalga oshiraman», — dedi Tramp jurnalistlarga.

Avvalroq Polsha milliy mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish qo‘shimcha Amerika kontingentini joylashtirish Varshava uchun «strategik maqsad» ekanligini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha va AQSh bu masala bo‘yicha allaqachon muzokaralar olib bormoqda.

Shu bilan birga, Polsha bosh vaziri Donald Tusk avvalroq Amerika harbiylarini Germaniyadan Polshaga o‘tkazishga qarshi chiqqan edi. U Polsha «Yevropa birdamligi va hamkorligini buzish uchun» foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.

Hozirda Polsha hududida 10 mingga yaqin amerikalik harbiy xizmatchi joylashgan.

Source: kun.uz