Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi fuqarolarni uydan ishlashga, xalqaro sayohatlardan voz kechishga va oltin sotib olmaslikka chaqirdi. Bu chaqiriq AQSh-Isroil rejimining Eronga qarshi urushi tufayli global energiya narxlari keskin oshgani va Hindiston valyuta zaxiralariga bosim kuchaygani bilan bog'liq.

Modi bu murojaatni yakshanba kuni janubiy Haydarobod shahridagi ommaviy tadbirda bildirdi. U odamlarni jismoniy yig'inlar o'rniga onlayn uchrashuvlarga o'tishga va COVID-19 pandemiyasi davrida qo'llanilgan uydan ishlash modelidan foydalanishga chaqirdi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday amaliyotlar yoqilg'i sarfini kamaytiradi.

Shuningdek, Modi jamoat transportidan foydalanish va avtomobillarda birgalikda sayohat qilishni (karpuling) tavsiya qildi. U oilalarni ovqat pishirish yog'i iste'molini kamaytirishga chaqirib, buni sog'lom va vatanparvarlik harakati deb atadi. Bosh vazir fermerlardan o'g'it iste'molini yarmiga qisqartirishni so'radi.

Modi o'z murojaatini quyidagicha izohladi: "Hozirgi vaziyatda biz xorijiy valyutani tejashga katta e'tibor qaratishimiz kerak." U urush boshlanganidan keyin ham iqtisodiy inqirozni COVID-19 pandemiyasi bilan solishtirgan edi.

Urush tufayli neft narxi keskin oshdi. Brent markali neftning bir barrel qiymati 27-fevraldagi 72,87 dollardan 105,45 dollargacha ko'tarildi. Eronning Fors ko'rfazidagi neft va gaz inshootlariga hujumlari hamda Hormuz bo'g'ozidagi cheklovlar global energiya ta'minotini izdan chiqardi.

Hindistonning valyuta zaxiralari 1-may holatiga ko'ra 690,69 milliard dollarni tashkil etib, mart oyi oxiriga nisbatan 7,79 milliard dollarga kamaygan. Urushdan oldingi davr bilan solishtirganda esa pasayish yanada keskin: 27-fevralda zaxiralar 728,5 milliard dollarni tashkil etgan edi.

Hindiston neft bo'yicha Xitoy va AQShdan keyin dunyoda uchinchi o'rinda turadi. O'tgan moliyaviy yilda mamlakat 123 milliard dollarlik xom neft import qilgan. Oltin importi esa 72 milliard dollarni tashkil etgan. Hindistonliklarning xorijdagi xarajatlari 31,7 milliard dollarga yetgan.

Source: www.aljazeera.com