Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘zining rasmiy kortejidagi avtomobillar sonini kamaytirgani haqida xabar berilmoqda. Bu qaror Modi tomonidan hindistonliklarni tejamkorlikka chaqirgan murojaatidan so‘ng yuz berdi.
ANI va PTI agentliklarining xabar berishicha, Modi o‘zining so‘nggi ichki safarlarida kortej hajmini qisqartirgan. Xususan, Gujarat va Assam shtatlaridagi tashriflarida bu chora qo‘llanilgan.
Modi yakshanba kuni Hyderabaddagi nutqida yetti bandli murojaat bilan chiqib, fuqarolarni jamoat transportidan foydalanish, avtomobillarni birgalikda ishlatish kabi tejamkorlik choralarini qabul qilishga chaqirgan edi. Bu chaqiriq Yaqin Sharqdagi inqiroz tufayli yuzaga kelgan global yoqilg‘i ta’minotidagi uzilishlar fonida amalga oshirildi.
Tanqidchilar esa Bosh vazirning o‘zi yoqilg‘ini tejashga chaqirgan bir paytda road-shoular o‘tkazayotganini ta’kidlab, uning murojaatini shubha ostiga olgan edi.
PTI ma’lumotlariga ko‘ra, Modi kortejga iloji boricha elektr avtomobillarni kiritishni, ammo yangilarini sotib olmaslikni so‘ragan.
Shu bilan birga, Dehli bosh vaziri Rekha Gupta o‘zining va vazirlar mahkamasi a’zolarining rasmiy avtomobillaridan foydalanishni cheklashni buyurgan. U X’dagi postida “Men va barcha kabinet hamkasblarim, BJPning barcha deputatlari, davlat vakillari, Dehli hukumati xodimlari va barcha departamentlar talabga qarab minimal miqdordagi transport vositalaridan foydalanadi, jamoat transporti va carpoolingga ustunlik beradi”, deb yozgan.
Ichki ishlar vaziri Amit Shohning korteji ham qisqartirilgani haqida xabar berilmoqda.
Modining yetti bandli tashabbusi “Millat birinchi o‘rinda, burch qulaylikdan ustun” shiori ostida olib borilmoqda. U fuqarolarni xorijiy sayohatlardan voz kechish va bir yil davomida oltin sotib olmaslik kabi choralarni qabul qilishga chaqirmoqda.
Source: www.dw.com