112 nafar Nobel mukofoti laureati Eron rasmiylari va xalqaro hamjamiyatni hibsdagi huquq himoyachisi Narges Muhammadining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli uni ozod qilishga chaqirdi, deb xabar bermoqda The Guardian.
12-may kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ular 2023-yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati Muhammadini zudlik bilan va so‘zsiz ozod etishni talab qildi.
10-may kuni Muhammadi og‘ir ahvolda tez yordam mashinasida Tehrondagi “Pars” kasalxonasiga yetkazilgan. Uning vakillariga ko‘ra, hibsda bo‘lgan vaqtida huquq himoyachisi ancha vazn yo‘qotgan, qon bosimining beqarorligi va yurakdagi jiddiy muammolardan aziyat chekkan. Kasalxonaga yotqizilguniga qadar u qamoqxona kamerasida hushsiz holatda topilgan — taxminlarga ko‘ra, u yurak xurujini boshdan kechirgan.
“Tibbiyot ekspertlari uning hayoti xavf ostida bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, — deyiladi Nobel laureatlari bayonotida. — Unga bir necha oy davomida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish rad etilgan”.
Murojaatni kimyo bo‘yicha 26 ta, iqtisodiyot bo‘yicha 12 ta, adabiyot bo‘yicha 5 ta, tibbiyot bo‘yicha 29 ta, tinchlik yo‘nalishida 11 ta va fizika bo‘yicha 29 ta Nobel mukofoti laureati imzolagan.
54 yoshli Narges Muhammadi 2023-yilda “Eronda ayollarning kamsitilishiga qarshi kurashi hamda barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilgani uchun” Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgandi. Eron rasmiylari faolni 1998-yildan buyon bir necha bor hibsga olgan. U o‘lim jazosiga va hijob o‘rash majburiyligi haqidagi qonunlarga qarshi chiqqan. Uning bir nechta hukmlar bo‘yicha umumiy qamoq muddati 44 yildan oshadi. 2026-yil fevral oyida Muhammadi jinoyat sodir etish maqsadida til biriktirish va hukumatga qarshi targ‘ibot uchun 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Source: www.gazeta.uz