Liviyaning Tarhuna shahrida futbol o‘yinidan so‘ng yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida bir necha kishi yaralandi, poytaxt Tripolidagi hukumat binosiga esa o‘t qo‘yildi.
Mahalliy LANA axborot agentligining xabar berishicha, payshanba kuni Tripolining “Al-Ittihod” va Misrataning “Assvahli” klublari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlanishiga yaqin to‘xtatilgan. Bunga “Al-Ittihod” futbolchilarining penalti belgilanmaganiga noroziligi sabab bo‘lgan.
O‘yin yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, stadion tashqarisida muxlislar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. LANA ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha kishi jarohat olgan.
Liviya Prezidentlik Kengashi bayonot berib, poytaxt Tripolidagi Vazirlar Kengashi binosiga “buzg‘unchilik va o‘t qo‘yish” hujumi uyushtirilganini bildirgan. Yong‘in tezda o‘chirilgan.
Kengash “baxtsiz hodisalar” bo‘yicha tergov o‘tkazishni talab qilib, adolatsizlik hissi qonuniy yo‘l bilan, “zo‘ravonlik orqali emas” hal qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
Source: www.aljazeera.com