AQShning Kaliforniya shtatidagi Santa Clara okrugi Meta Platforms kompaniyasiga qarshi da'vo arizasi bilan murojaat qildi. Da'voda kompaniya firibgar reklamalardan yillik 7 milliard dollar daromad olgani, ammo ularni bloklash o‘rniga pul undirgani aytilmoqda.
Santa Clara okrugi advokati Toni LoPrestining so‘zlariga ko‘ra, Meta’ning sun’iy intellekt vositalari “zaif iste’molchilar”ni nishonga olgan. Firibgarliklar orasida soxta moliyaviy mahsulotlar, kriptovalyuta sxemalari, davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga “davo” va’da qiluvchi reklamalar bor.
2024-yilda Kaliforniya aholisi firibgarlardan 2,5 milliard dollar zarar ko‘rgan, ayniqsa keksalar jabrlangan. Da'vo Meta’ning Kaliforniyadagi bosh ofisi joylashgan Santa Clara okrugi nomidan barcha shtat aholisi manfaatlarini himoya qilish uchun berilgan.
Meta vakili Endi Stoun kompaniya “har kuni firibgarliklarga qarshi kurashish” uchun choralar ko‘rayotganini, o‘tgan yili 159 million firibgar reklamani olib tashlaganini aytdi. Biroq, Reuters tergoviga ko‘ra, Meta faqat 95% ishonch bilan firibgar deb topilgan reklamalarni bloklagan, qolganlaridan esa qo‘shimcha haq olgan.
Bu da'vo Meta’ga qarshi so‘nggi yillardagi ko‘plab sud jarayonlaridan biri. Mart oyida Kaliforniyada Meta’ning yoshlar ruhiy salomatligiga zarar yetkazuvchi addiktiv dizayni uchun 4,2 million dollar jarima to‘lashi belgilangan edi. Shuningdek, Nyu-Meksikoda kompaniya bolalarni himoya qilmaslikda ayblangan.
Santa Clara okrugi da'vosida Meta’ning “kuchli texnologik kompaniya sifatida butun dunyo bo‘ylab iste’molchilarni aldash sxemasini davom ettirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deyiladi.
Source: www.aljazeera.com