O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Buxarestda o‘tayotgan Super Chess Classic Romania 2026 turnirining ikkinchi turida hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Pragnanandhaga imkoniyatni boy berdi.
Bu Sindarovning o‘tgan yilning sentabr oyi boshidan buyon klassik shaxmatdagi ilk mag‘lubiyatidir. Bungacha o‘zbekistonlik grossmeyster klassik nazoratda ketma-ket 53 ta partiyada, jumladan, Grand Swiss, Bundesliga, FIDE Jahon kubogi, Tata Steel Chess Masters, Nomzodlar turniri va Buxarestdagi start uchrashuvida mag‘lub bo‘lmagan edi.
Sindarov va Pragnanandha partiyasi ikkinchi turning markaziy uchrashuviga aylandi. Har ikki shaxmatchi ham turnirning eng yosh ishtirokchilari hisoblanadi — ular 20 yoshda. Hindistonlik grossmeyster qora donalarda o‘ynadi va murakkab taktik kurashda O‘zbekiston vakilidan ustun kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu yilgacha shaxsiy uchrashuvlarda Pragnanandha Sindarov ustidan ustunlikka ega edi: u Javohirni o‘smirlar o‘rtasidagi turnirlarda, 2022-yilgi Chennai Olimpiadasida va 2025-yil iyun oyidagi UzChess Masters turnirida mag‘lub etgandi. Ammo 2026-yilgi Nomzodlar turnirida Sindarov hindistonlik shaxmatchini oq va qora donalarda ikki bor mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Partiyadan so‘ng Pragnanandha Sindarovning “hayratlanarli darajada kuchli sport formasida” ekanini ta’kidladi. G‘alabani sharhlar ekan, u: “Uni hozirgi vaqtda mag‘lub etish — juda yaxshi natija”, — dedi.
Partiya davomida Sindorov kamyob davomiy yo‘lni tanladi, biroq Pragnanandha bunday o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lib chiqdi. Hindistonlik grossmeyster aniq javoblarni tez fursatda topdi, shundan so‘ng O‘zbekiston vakili fikrlash uchun ko‘p vaqt sarfladi va xatoga yo‘l qo‘ydi.
Keyinchalik Sindarov otni qurbon qilib, kurashni saqlab qolish uchun yagona imkoniyatni topishga muvaffaq bo‘ldi. Raqibida ortiqcha figura bo‘lishiga qaramay, unda pozitsiyani deyarli butunlay tenglashtirish imkoniyati bor edi. Ammo hal qiluvchi pallada u yana xatoga yo‘l qo‘ydi, shundan so‘ng Pragnanandha o‘yinni soddalashtirish va partiyani g‘alabagacha yetkazish imkoniga ega bo‘ldi.
Ikkinchi turda, shuningdek, Maksim Vashe-Lagrav va Vinsent Kaymer ham g‘alaba qozondi. Fransiyalik grossmeysterlar bahsida Vashe-Lagrav qora donalarda Alireza Firuzdjani mag‘lub etdi, Kaymer esa ruminiyalik Bogdan-Daniyel Dyakdan ustun keldi. Fabiano Karuana — Anish Giri va Yorden van Forest — Uesli So partiyalari esa durang bilan yakunlandi.
Ikki turdan so‘ng Pragnanandha, Vashe-Lagrav va Kaymer (1,5 ochkodan) peshqadamlik qilmoqda. Uchinchi turda Sindarov Maksim Vashe-Lagravga qarshi dona suradi. Uchinchi tur partiyalari 16-may kuni bo‘lib o‘tadi.
Grand Chess Tour bitta alohida musobaqa emas, balki turnirlar seriyasidir. Polshadagi bosqich, Ruminiyadagi turnir va undan keyingi Xorvatiya hamda AQShdagi bosqichlar GCT-2026 umumiy mavsumiga kiradi. Har bir turnirning alohida g‘olibi, alohida jadvali va sovrin jamg‘armasi mavjud, biroq natijalar turning umumiy hisobiga ham yozib boriladi: bosqichlarda egallagan o‘rinlari uchun shaxmatchilarga tur ochkolari beriladi. Beshta bosqich yakunlariga ko‘ra, umumiy hisobda eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘yinchilar Grand Chess Tour finaliga yo‘l oladi.
Super Chess Classic Romania 14−24-may kunlari Buxarestda bo‘lib o‘tmoqda va u Grand Chess Tour doirasidagi ikkita klassik turnirning birinchisidir. Musobaqa formati — 10 nafar shaxmatchi ishtirokidagi aylanma tizim bo‘lib, unda har bir ishtirokchi bir-biri bilan bittadan partiya o‘ynaydi. Jami to‘qqizta tur rejalashtirilgan, kuniga bittadan tur o‘tkaziladi. Partiyalar klassik vaqt nazoratida o‘tadi — dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so‘ngra birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib berilgan holda partiya oxirigacha 30 daqiqa ajratiladi.
Source: www.gazeta.uz