Nyu-York sudi Luiji Manjonega qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha muhim qaror chiqardi. Sudya Gregori Karro 2024-yil dekabrida UnitedHealthcare bosh direktori Brayan Tompsonni o‘ldirishda gumon qilinayotgan Manjonening shtatdagi sud jarayonida ba’zi dalillarni qabul qilishni rad etdi.
Sudya qaroriga ko‘ra, Manjone bilan Pensilvaniya shtatidagi McDonald’sda topilgan jurnal, uyali telefon, pasport, hamyon va kompyuter chipi kabi narsalar sudda ishlatilmaydi. Karro bu dalillar “noqonuniy va ordersiz tintuv” natijasida olinganini ta’kidladi.
Biroq, prokurorlarga politsiya bo‘limida o‘tkazilgan tintuvda topilgan qurol va daftarni taqdim etishga ruxsat berildi. Shuningdek, Manjonening McDonald’sdagi dastlabki so‘roq paytidagi ba’zi javoblari sudda eshitilmaydi, ammo hibsga olingandan keyingi so‘roq materiallari qabul qilinadi.
Manjone Tompsonni 2024-yil dekabrida Manxetten ko‘chasida otib o‘ldirganlikda ayblanmoqda. Unga ikkinchi darajali qotillik, qurol saqlash va ta’qib qilish kabi shtat ayblovlari qo‘yilgan. U aybini tan olmagan. Shuningdek, federal ish bo‘yicha ham ayblanmoqda.
Manjone 2024-yil 8-dekabrda Altoona shahridagi McDonald’sda qo‘lga olingan. Politsiya uning sumkasini ordersiz tintuv qilgan va ba’zi narsalarni olgan. Himoya tarafi bu tintuvni noqonuniy deb hisoblab, dalillarni chiqarib tashlashni talab qilgan.
Sudya Karro Manjonening soat 9:48 dan oldingi javoblarini, shu jumladan yolg‘on ism berish va soxta guvohnoma haqidagi savollarni suddan chiqarib tashladi. Biroq, prokurorlar asosiy dalillar – qotillik quroli va Manjonening yozuvlarini taqdim eta oladi.
Shtat sudi sentabr oyida boshlanishi kutilmoqda. Manjone sud zalida ko‘k kostyumda paydo bo‘lib, advokatlari bilan pichirlashdi. Tomoshabinlar orasida uning tarafdorlari ham bor edi.
Source: www.bbc.com