AQSh rejimi joriy yilda Janubiy Afrika Respublikasidan (JAR) qochqin sifatida qabul qilinadigan oq tanli afrikanerlar sonini 7500 dan 17500 ga oshirishni e'lon qildi. Bu qaror, rejimning so'zlariga ko'ra, "Janubiy Afrikada favqulodda qochqinlik holati" yuzaga kelgani bilan asoslanmoqda.
Donald Tramp ikkinchi muddatiga kirishganidan beri oq afrikanerlarga nisbatan "irqiy genotsid" sodir etilayotgani haqida yolg'on da'volarni takrorlamoqda. JAR hukumati esa bu da'volarni qat'iy rad etadi. AQSh rejimi JARga yordamni to'xtatib, Yoxannesburgdagi G20 sammitini boykot qilgan va JARni Mayamidagi Tramp kurortida bo'ladigan G20dan chetlashtirgan.
AQSh rejimi 2025 yil may oyida oq janubiy afrikaliklarni qochqin sifatida qabul qila boshlagan, ayni paytda Afg'oniston, Kongo Demokratik Respublikasi va Sudan kabi mamlakatlardan qochqinlarni qabul qilish dasturini to'xtatgan. Tramp hokimiyatga kelishidan oldingi so'nggi to'liq moliyaviy yilda (2024 sentyabrgacha) AQSh 100 mingdan ortiq qochqinni qabul qilgan edi.
Davlat departamenti Kongressga yuborgan favqulodda bildirishnomada 17500 nafar afrikanerni qabul qilish xarajati taxminan 100 million dollarni tashkil etishi aytilgan. Bildirishnomada JAR hukumatining "bir qancha vazirlik va siyosiy partiyalar orqali AQSh qochqinlik dasturiga putur yetkazishga urinayotgani" va "afrikanerlarga hujum qilayotgani" ta'kidlangan.
Shuningdek, dekabr oyida AQSh qochqinlarni qayta ishlash markaziga JAR tomonidan o'tkazilgan reydga ishora qilingan. JAR hukumati bu harakatni himoya qilib, mamlakatda noqonuniy ishlayotgan yetti keniyalik deportatsiya qilinganini ma'lum qilgan. Davlat departamenti bu "keskinlikni kuchaytirish afrikanerlar uchun xavfni oshiradi", deb hisoblaydi.
Afrikanerlar golland va fransuz ko'chmanchilarining avlodlari bo'lib, aparteid davrida Janubiy Afrikani boshqargan va qora tanli ko'pchilikni qashshoqlikda ushlab turgan. Aparteid tugaganidan keyin qabul qilingan ijobiy harakat siyosati qora tanli elita va o'rta sinfni yaratishga yordam bergan bo'lsa-da, mamlakat chuqur tengsizligicha qolmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, oq janubiy afrikaliklarning 12 foizi, qora tanlilarning 48 foizi ishsiz.
"Qora tanlilarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish" siyosati va yuqori jinoyatchilik darajasi ba'zi oq tanlilarning o'zlarini irqiy diskriminatsiya qurboni deb hisoblashiga sabab bo'lmoqda. Oq genotsid haqidagi fitna nazariyasi uzoq vaqtdan beri irqchi o'ng qanot tomonidan targ'ib qilinib, oq fermerlarning o'ldirilishi holatlari ta'kidlanadi. So'nggi yillarda bu nazariya Janubiy Afrikada tug'ilgan milliarder Ilon Mask va o'ng qanot media arbobi Taker Karlson tomonidan ham kuchaytirilgan.
Source: www.theguardian.com