Hindiston Bosh sudyasining yoshlarni 'tarakanlar' deb atagani internetda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Bu so‘zlardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda 'Cockroach Janata Party' (Tarakanlar xalq partiyasi) nomli satirik harakat paydo bo‘ldi.
Asoschisi Abhijeet Dipke DW’ga bergan intervyusida bu endi shunchaki hazil emasligini, balki yoshlarning siyosiy tizimdan noroziligini ifoda etuvchi jiddiy platformaga aylanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar uzoq yillar davomida hokimiyatga qarshi gapirishdan qo‘rqqan, endi esa o‘z g‘azabini ifoda etish uchun yo‘l topgan.
Partiyaning Instagram’dagi sahifasi bir necha soat ichida 1 milliondan 3 million obunachiga yetdi. 350 mingdan ortiq kishi partiyaga a’zo bo‘lib, birinchi virtual konferensiya rejalashtirilmoqda.
Harakatga Hindiston muxolifat partiyalari va sobiq davlat xizmatchilari ham qo‘shilish istagini bildirgan. Biroq Dipke yoshlarni Nepal va Bangladesh’dagi kabi hukumatni ag‘darishga chaqirish emas, balki tinch demokratik yo‘l bilan norozilik bildirishga undaydi.
Partiya akkauntini buzishga urinishlar bo‘lgan, Dipke buni 'vishwaguru' (global lider) deb atalgan Bosh vazir Modi’ga ishora sifatida baholagan. BJP partiyasi hozircha bu satirik harakatga rasmiy munosabat bildirmagan.
Source: www.dw.com