AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) «Lukoyl» kompaniyasining xorijiy aktivlari bilan bog‘liq ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi umumiy litsenziya muddatini uzaytirdi. Yangi ruxsatnoma 2026-yil 27-iyungacha amal qiladi.
Litsenziya «Lukoyl»ning xalqaro bo‘linmasi Lukoil International GmbH ni sotish bilan bog‘liq muzokaralar olib borish, shartnoma shartlarini kelishish va imzolash, shuningdek, tegishli texnik va ma’muriy operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
AQSh regulyatori har qanday shartnoma ijrosi OFAC bilan alohida kelishilishi kerakligini ta’kidlaydi. Hujjatda aytilishicha, operatsiyalar 2026-yil 27-iyun soat 12:01 (Sharqiy yoz vaqti) gacha OFACning alohida ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
Ruxsatnoma faqat kompaniyaning xorijiy aktivlariga taalluqli bo‘lib, amaldagi sanksiya cheklovlarini bekor qilmaydi. 2025-yil oktabr oyida AQSh Moliya vazirligi «Lukoyl», «Rosneft» va ularning 34 ta sho‘ba korxonasini yangi sanksiyalar paketiga kiritgan edi. Shundan so‘ng OFAC «Lukoyl»ning xorijiy aktivlarini sotish bo‘yicha muzokaralar va tayyorgarlik ishlariga ruxsat beruvchi litsenziyalarni bir necha bor uzaytirgan.
Source: kun.uz