Parijning “Paris Saint-Germain” klubining Chempionlar Ligasidagi tarixiy g‘alabasi Fransiyada keng ko‘lamli tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. Budapeshtdagi dramatik finalda PSJ Londonning “Arsenal” jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etganidan so‘ng, minglab muxlislar ko‘chalarga chiqdi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab huquq-tartibot organlari 416 kishini qo‘lga olgan. Asosiy keskinlik Parijga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, u yerda 283 nafar huquqbuzar ushlangan. Poytaxtda bayramlar tezda to‘qnashuvlarga aylanib, radikal muxlislar guruhlari avtomobillar va axlat qutilarini yoqib, do‘konlar, restoranlar va novvoyxonalarning oynalarini sindirgan.
Vaziyat bir guruh muxlislarning poytaxtning VIII okrugidagi politsiya uchastkasiga hujum qilishga urinishi bilan keskinlashgan. Hujumning oldi olingan, joyda 45 kishi qo‘lga olingan. Tartibsizliklar chog‘ida bir politsiya xodimi jarohat olgan. Yelisey dalalarida 20 000 ga yaqin odam to‘plangan bo‘lib, tartibni saqlash uchun kuch ishlatishga to‘g‘ri kelgan, XVI okrugda esa velosipedlardan qurilgan barrikadalar olib tashlangan.
Hozirgi voqealar ko‘p jihatdan o‘tgan yilning may oyidagi stsenariyni takrorladi. O‘shanda PSJ birinchi marta Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan edi. O‘sha paytdagi ommaviy norozilik va bayramlar chog‘ida 201 kishi jarohat olgan, butun respublika bo‘ylab qo‘lga olinganlar soni 500 kishidan oshgan edi.
Source: podrobno.uz