Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakatning qurol-yadro uranini ishlab chiqarish quvvatini “eksponensial sur’atda” oshirishga chaqirdi. Bu haqda davlat axborot agentligi KCNA xabar berdi.
Kim Chen In yangi uranni boyitish zavodiga tashrif buyurib, u yerda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan sentrifuga zali borligini ta’kidladi. Zavodning joylashuvi va ishga tushirilgan sanasi oshkor etilmagan.
Shimoliy Koreya yetakchisi so‘nggi besh yil ichida qurol-yadro urani ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan ko‘proq oshganini ma’lum qildi. U yadroviy kuchlarni “eng shafqatsiz dushmanlar”ga qarshi kurashish uchun zarur deb hisoblaydi.
KCNA xabariga ko‘ra, Kim Chen In zavodda yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashib, “davlat yadroviy kuchlarini eksponensial sur’atda kuchaytirish bo‘yicha ulkan rejani amalga oshirish ustuvorliklarini tasdiqladi”.
Shimoliy Koreya yadroviy dasturi tufayli xalqaro sanksiyalarga uchramoqda, ammo Pxenyan cheklovlarni muntazam ravishda buzmoqda. 2024-yil sentabrida mamlakat birinchi yashirin uranni boyitish zavodini ochgan edi.
Xalqaro Atom Energetikasi Agentligi (MAGATE) direktori Rafael Grossi aprel oyida Shimoliy Koreyadagi yadroviy ob’ektlarda “tez sur’atda o‘sish” kuzatilganini tasdiqladi.
Source: www.dw.com