Shveytsariyaning FlexBase kompaniyasi Aargau kantonida dunyodagi eng yirik yer osti oqimli redoks batareyasini qurmoqda. Ishga tushirilgandan so‘ng uning sig‘imi 2,1 GVt·soatdan oshadi, quvvati esa 1,2 GVt dan ziyod bo‘ladi. Kompaniya ta’kidlashicha, ob’ekt o‘z ko‘rsatkichlari bo‘yicha Leybshtadt atom elektr stansiyasi bilan taqqoslanadi.
Econews ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha “yashil” energetikaning asosiy muammolaridan biri — quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini saqlash va kerak bo‘lganda tarmoqqa uzatishni hal qilishga qaratilgan.
Kelajakdagi ombor Laufenburg shahrida joylashadi. Kompleksning asosiy qismi yer ostida, taxminan 27 metr chuqurlikda bo‘ladi. Uskunalarni joylashtirish uchun ikki futbol maydonidan uzunroq yer osti inshooti qurilmoqda. Kompleksning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan oshadi, shundan 20 ming kvadrat metrdan ortig‘ini energiya saqlash tizimi egallaydi.
Ob’ekt qayta tiklanuvchi manbalardan olingan ortiqcha elektr energiyasini to‘playdi va talab yuqori bo‘lgan davrlarda tarmoqqa beradi. Bundan tashqari, u tarmoqdagi kuchlanish va chastotani tartibga solib, energiya tizimining barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Shveytsariya elektr tarmoqlari operatori Swissgrid 800 MVt quvvatga ega ob’ektni ulashning birinchi bosqichini ma’qullagan. Ishlab chiquvchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qurilish tugagandan so‘ng ombor kun davomida 210 mingga yaqin uy xo‘jaligini elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi.
Odatiy litiy-ionli akkumulyatorlardan farqli o‘laroq, oqimli redoks batareya energiyani rezervuarlardagi maxsus suyuq elektrolitlarda saqlaydi. Zaryadlash vaqtida elektr energiyasi kimyoviy energiyaga aylanadi, zaryadsizlanishda esa bu jarayon teskari yo‘nalishda sodir bo‘ladi.
Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday texnologiya yirik energiya omborlarini yaratish uchun yaxshiroq mos keladi, chunki ularning sig‘imini oshirish tizimni to‘liq modernizatsiya qilishni emas, balki rezervuarlar hajmini kengaytirishni talab qiladi.
Ta’kidlanishicha, ishlatiladigan elektrolit yonmaydi, portlamaydi va xizmat muddati tugagandan so‘ng qayta ishlanishi mumkin.
SWI swissinfo.ch ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning qiymati taxminan 1 milliard dollarga baholanmoqda. Moliyalashtirish xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi va loyiha 300 ga yaqin ish o‘rinlarini yaratadi.
Source: kun.uz