8-iyun kuni Istanbul shahrining Fotih tumani, Laleli mavzesidagi Istanbul universiteti tramvay bekatida fojiali hodisa yuz berdi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 6 yoshli Muhammad M.M. tramvaydan tushayotganda relslar oralig‘ida qisilib qolib, og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etdi.
Istanbuldagi Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, marhum ota-onasi va yaqinlari bilan Turkiyaga sayyoh sifatida kelgan. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bola tramvaydan tushganidan so‘ng bekat va relslar oralig‘ida qisilib qolgan va transport vositasi harakatlanishi natijasida jarohatlangan.
Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hodisa yuzasidan tergov harakatlarini olib bormoqda. Bosh konsulxona marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Konsulxona, shuningdek, Istanbul kabi megapolis shaharlarda yo‘l-transport infratuzilmasi va jamoat transporti serqatnovligini hisobga olib, ota-onalarni voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslikka va ularning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.
Source: www.gazeta.uz